Avval xabar berganimizdek para yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Tailand mezbonlik qilgan xalqaro musobaqada ishtirok etishdi.
Musobaqaning so‘nggi kuni vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli kechdi. Xususan, erkaklar o‘rtasida F42 klassida yadro uloqtirish dasturida qatnashgan hamyurtimiz Muhammad Rixsimov hamda T44-64 klassida balandlikka sakrash dasturida bahs olib borgan vakilimiz Temur Giyazov oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, kecha T13 klassida uzunlikka sakrash bo‘yicha boshqa bir hamyurtimiz Doniyor Axmedov ham oltin medalni qo‘lga kiritgan edi.
Shu tariqa terma jamoamiz Tailanddagi xalqaro turnirni 3 ta oltin medal bilan yakunladi.