Ekvadordagi siyosiy beqarorlik fonida O‘zbekistonda ham banan tanqisligi kuzatila boshladi. Oxirgi bir oyda banan narxlari 32-33 foizga oshdi, ayrim supermarketlarda bu meva bitta xaridorga 2 kilodan ortiq sotilmayapti. 2023 yilda O‘zbekistonga import qilingan bananning 98 foizi Ekvadordan olib kelingan.
So‘nggi kunlarda O‘zbekistondagi chakana savdo do‘konlari, supermarketlar va bozorlarda banan taqchilligi kuzatila boshladi. Bu o‘z navbatida narxlar oshishiga olib kelmoqda. Kun.uz banan defitsiti ortidagi ehtimoliy sabablarni o‘rgandi.
Ekvadordagi siyosiy beqarorlik
8 yanvar kuni Ekvadorda 60 kunlik favqulodda holat rejimi e’lon qilingandi. Bunga qamoqxonalardagi tartibsizliklar va “Los Choneros” guruhi rahbari Adolfo Matsiasning qochib ketishi sababligi aytilgan.
Favqulodda vaziyat joriy etilgandan keyin, mahalliy eksportchi kompaniyalarning faoliyati ma’lum muddat falaj holatga kelib qolgan. Portlar yopilgan, ishlab chiqaruvchilar bananlarni kesishni vaqtincha to‘xtatgan.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda global miqyosda 19 mln 174 ming tonna banan eksport qilingan bo‘lib, shundan 6 mln 193 ming tonnasi yoki umumiy eksportning 32 foizi Ekvador hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga 2023 yilning yanvar-noyabr oylarida xorijdan qiymati 85,2 mln dollarga teng qariyb 120 ming tonna banan import qilingan.
Importning asosiy qismi – 117,5 ming tonna yoki 98 foizi Ekvador hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 2 foizi Turkiya (639 tonna), Xitoy (474 tonna), Qozog‘iston (375 tonna) va Gruziyadan (231 tonna) olib kelingan.
Narxlar qanday o‘zgardi?
Iqtisodiyot va moliya vazirligining qayd etishicha, 19 dekabr kuni Qo‘yliq dehqon bozorida 1 kg bananning ulgurji minimal narxi 19 ming so‘mdan, maksimal narxi esa 21 ming so‘mdan sotilgan. 19 yanvar holatida esa minimal narxlar 25 ming so‘mgacha, maksimal narxlar esa 28 ming so‘mgacha qimmatlashgan. Ya’ni oxirgi bir oy ichida bananning ulgurji minimal bahosi 31,5 foizga, maksimal bahosi esa 33 foizga oshgan.
Kun.uz muxbirining o‘rganishlariga ko‘ra, mamlakatdagi yirik savdo tarmoqlarining ayrim filiallarida bu meva umuman sotilmayapti, ayrimlarida esa kishi boshiga 2 kilogacha cheklov o‘rnatilgan. Banan defitsiti borligini Kun.uz bilan suhbatlashgan savdo sohasidagi mutaxassis ham tasdiqladi.
Ma’lumot uchun, 2022 yil 1 maydan boshlab O‘zbekistonga banan olib kirishda vaqtinchalik bojxona boji olib tashlangandi. Imtiyozning tugash muddati – 2025 yil 1 yanvar.
Avvalroq, Rossiyaning ham qator shaharlarida banan defitsiti yuzaga kelgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.