Madrid shahrida Ispaniyadan O`zbekistonga charter havo qatnovlarini yo`lga qo`yishga bag`ishlangan vebinar o`tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.
650 dan ortiq kishi ishtirok etgan tadbir Ispaniyaning etakchi «World2Meet» turoperatori tomonidan «NewBlue» va «Kannak» sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Charter reyslari Madridni Urganch va Toshkent aeroportlari bilan bog`laydi va «World2Meet» turoperatoriga tegishli «World2Fly» aviakompaniyasining «Airbus 330-300» samolyotlarida amalga oshiriladi.
Parvozlar ikki bosqichda – 8 maydan 12 iyungacha va 4 sentyabrdan 30 oktyabrgacha tashkil etiladi.
«Kannak» sayyohlik kompaniyasi direktori Karlos Florido mazkur charter reyslar doirasida O`zbekistonga sayyohlik yo`nalishini ishlab chiqqanini bildirdi. Uning aytishicha, ushbu yo`nalishning o`ziga xosligi shundaki, tur Urganchda boshlanib, Toshkentda tugaydi yoki aksincha.
Bir hafta davomida ushbu yo`nalish O`zbekistonning Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari bo`ylab ming kilometrga yaqin masofani bosib o`tadi. Respublika bo`ylab sayohat avtobuslarda amalga oshiriladi.