Uy-joy uchun ijara narxlarining pasayishi kuzatildi

Uy-joy uchun ijara narxlarining pasayishi kuzatildi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida uy-joy uchun taklif etilgan ijara narxlarini tahlil qildi.

2023-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida o‘rtacha va to‘liq ta’mirlangan uy-joylar uchun ijara narxlarida tushish kuzatildi. Lekin, 4 xonali xonadonlarning ijara narxlarida ko‘tarilish qayd etildi.

2023-yilning so‘nggi oyida o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari noyabr oyidagiga nisbatan o‘rtacha 0,3 foizga pasaydi.

Ushbu guruhda 1 xonali xonadonlar uchun taklif etilgan ijara narxlari noyabr oyidagiga nisbatan o‘rtacha 0,2 foizga pasayib, 400 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar uchun o‘rtacha ijara narxlari (443 dollar) 1 foizga, 3 xonali uylarning ijara narxlari (515 dollar) 0,7 foizga arzonlashgan. 4 xonali uylarning o‘rtacha ijara narxlari (594 dollar) esa 0,7 foizga oshgan.

To‘liq ta’mirlangan guruhdagi uylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida 0,4 foiz tushish kuzatildi. Xususan, shahar bo‘yicha 1 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari (476 dollar) 2 foiz arzonlashgan bo‘lsa, 2 xonali (653 dollar) va 3 xonali (782 dollar) uylar uchun ushbu ko‘rsatkich mos ravishda 0,3 foiz va 0,4 foizni tashkil etgan. Lekin, 4 xonali uylar uchun o‘rtacha ijara narxlari 0,9 foiz qimmatlashgan va 915 dollarga yetgan.

Ijara narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) usulida to‘plandi. Bunda noyabr oyi uchun 45.4 mingta va dekabr oyi uchun 41.4 mingta ma’lumotdan foydalanildi.