Markaziy Rossiyadagi o‘n minglab kishilar qattiq sovuq tufayli issiqlik va elektr energiyasi ta’minotidagi yoppasiga uzilishlarga duchor bo‘ldi. Moskva yaqinidagi Podolskda nisbatan eng jiddiy vaziyat yuzaga keldi. Poytaxt shahar va Moskva oblasti rasmiylari bir necha kunlik jimlikdan keyin barcha kuchlar avariya va uning oqibatlarini bartaraf etish tashlanganini ma’lum qildi. Ammo uylarga tezda issiqlik qaytarishning imkoni bo‘lmayapti.
Yangi yil ta’tili kunlarida Rossiyaning markaziy qismidagi bir qancha oblastlardan elektr va issiqlik ta’minotida yuzaga kelgan uzilishlar haqida xabarlar kelgandi. Yaroslavsl va Leningrad oblastlarida, Ryazan va Voronejda yashovchilar issiqlik yoki toksiz (ko‘p joylarda elektr — isinish uchun yagona vosita) qolgandi. Ximkidagi ko‘p qavatli uylar ham sovuq edi — guvohlarning xabarlariga ko‘ra, issiqlik faqat dastlabki besh-olti qavatdagi uylarni isitish uchun yetarli bo‘lgan.
Infratuzilma jihatdan nisbatan farovonroq bo‘lgan Moskva ham muammolardan chetda qolmadi — 4 yanvar kuni shahar shimoliy-sharqiy qismidagi 40 ta uy transformator podstansiyasi yonib ketishi tufayli elektrsiz qoldi.
Eng yirik issiqlik uzilishlari Moskva oblastining Podolskdan janubi-g‘arbda joylashgan Klimovsk rayonida kuzatildi. Bu yerda uylarni issiq suv bilan ta’minlaydigan uchta qozonxonadan birida ro‘y bergan avariya tufayli o‘n minglab kishilar yashaydigan qariyb 200 ta ko‘p qavatli uylar muzlay boshladi.
Klimovskda yashovchi boshqalar qatorida pensioner Yelena Pokrovskaya ham 4 yanvar kuni tezda sovib borayotgan kvartirasida uyg‘onadi. Yelenaning oshxona plitasi — elektrdan, gazni yoqib ham isinish imkoni yo‘q edi. Ko‘p o‘tmay elektr ham o‘chadi.
U yashaydigan Vesennaya ko‘chasidagi besh qavatli uyga ham «KSPZ» YoAJ tomonidan xizmat ko‘rsatilgan. Qozonxona Klimovsk ixtisoslashtirilgan patron zavodi hududida joylashgan — bu qat’iy himoyalangan hudud sanaladi. Mahalliy rasmiylarning jamoatchilikka bergan tushuntirishlariga ko‘ra, zavodning alohida statusi tufayli qozonxonani doimiy tekshirib turish imkoni bo‘lmagan.
Yelena va boshqa yuzlab kishilar darhol dispetcherlik xizmatlariga qo‘ng‘iroq qila boshlaydi. U yerda pensionerga shunday javob berishadi: «Muammolar hal etilmoqda». Ammo kamida bir kun davomida hech narsa o‘zgarmaydi. Podolsk shahar okrugi rahbari Grigoriy Artamonovning so‘zlariga ko‘ra, buzilib qolgan qozonxonani ishga tushirish uchun urinishlar kamida 5 yanvar kuni kechgacha davom etgan. Qozonxona faoliyati butunlay tiklangani haqida Artamonov faqat yakshanba kuniga kelib xabar bergan.
Klimovskning bir qancha ko‘chalaridagi uylar tezda -20 darajada sovib ketadi. Podolskdagi oblast shifoxonasi ham issiqlik ta’minotisiz qoladi. Binoni isitish uchun ko‘chma dizel qurilmasi ishga tushirilgunicha korpusni isitish issiqlik pushkalari orqali amalga oshiriladi, bu esa elektr tarmog‘iga yuklamani yanada oshiradi.
BBC bilan suhbatda bo‘lgan klimovskliklar mahalliy nashrlarda uylarning aksariga issiqlik qaytarilgani haqida berilgan xabarlardan g‘azablanishganini bildirishgan. «Televizorda go‘yoki uylarning 90 foizi issiqlikka ulanganini e’lon qilishdi, — deydi Pokrovskaya. — Agar ishga tushirilgan bo‘lsa ham, 90 foizimas, balki 10 foizini tushirishgan. Biz bir-birimiz bilan yozishib turibmiz va bilamizki — hamma sovuqda o‘tiribdi».
«Men murojaat qilganimda bizga issiqlik berilgani va endi bizning rayon bilan shug‘ullanishmayotganini aytishdi», — deydi Klimovskda, buzilib qolgan qozonxona yaqinida yashovchi Kseniya Aleksandrova.
Aleksandrovaning kvartirasidagi vaziyat achinarli. U kvartirasida harorat necha darajada ekanini aniq ayta olmagan, ammo elektr radiator uyni isita olmagani tufayli kiyimda va ikkita adyolga o‘rangan holda uxlashga to‘g‘ri kelgan. «Xonadan koridorga chiqish — xuddi ko‘chaga chiqqandek», — deydi Kseniya va burnini tortadi. U kvartirada buvasi, buvisi, turmush o‘rtog‘i hamda ikkita uy jonivori bilan birga yashaydi.
Mahalliy aholi vakillaridan yana biri Nastya uch farzandi bilan yashaydi. Uning mikrorayonida elektr o‘chmagan bo‘lsa-da, bolalar bilan muzlagan kvartirada qolish to‘g‘ri bo‘lmasligini anglagan. Unga mahalliy rasmiylar yordam ko‘rsatgan — oilani bolalar oromgohi binosiga olib borishgan.
U so‘nggi kunlar davomida eski ikki qavatli uyda joylashgan kvartirasida haroratni noldan yuqoriga ko‘tarish maqsadida elektr radiatorni yoqish uchun ishdan erta vaqtli ketishiga to‘g‘ri kelgan. Ayol bolalarni o‘zi bilan olib yuradi, chunki ularga qarab turish uchun odam yo‘q. «Quvurlar allaqachon muzlab qolgan. Derazamizda ham — muz. Ichkaridan. Biz kvartiraga keliboq, avariya bo‘lmasligi, nimadir yorilib ketmasligi uchun radiatorni quvurlarga qaratib qo‘yamiz». Boshqalar ham taxminan bir vaqtda shu ish bilan probkalar vaqti-vaqti bilan chiqib ketadi. Nastyaning uyidagi zinapoya quvuri allaqachon yorilib ketgan.
Yorilgan quvurlar va ulardan otiladigan issiq suv — Klimovskdagi yana bir muammo. Bu hududga Moskva atrofidagi boshqa shaharlardan jalb etilgan brigadalar hozirda singan quvur va batareyalarni yamash, boshqalarini tekshirib chiqish bilan band. Issiqlik goh bo‘ladi, goh yo‘q. «Vannaxonaga issiqlikni faqat kechagina berishgandi, bugun yana sovuq, — deydi Kseniya Aleksandrova. — Vannada trubalar issiq, xonalarda esa muzlagan holatda edi. Endi esa vannadagilar ham muzlagan».
Yosh ona Nastyaning uyi Janubiy kvartalda, mikrorayonning eng chekka qismida joylashgan va u bu yerga tekshiruvchilar eng oxiri bo‘lib kelishidan xavotirda. Amm uyi yana avvalgidek ishlay boshlagandek ko‘rinayotgan qozonxona yaqinida joylashganiga qaramay, Kseniya Aleksandrovanikida ham hamon issiqlik yo‘q. Quvurlar esa yorilib ketgan. «Issiqlik berilganini aytib yozishdi, amalda 1- va 3-pod’yezdlarda quvur va batareyalar yorilgan. Bu mohiyatan aldov, pod’yezdlarda tayinli ish qilinmagan va muammolar saqlanib qolmoqda», — deya yozg‘iradi u.
Pensiyaning uchdan biri — issiqlikka
Klimovskda issiqlik uchun to‘lov arzon emas. Yelena Borovkova 44 metr kvadrat maydondagi «ikki xonali» uyi uchun oyiga 15 ming rubllik pensiyasidan 8700 rublni (87 yevro atrofida) kommunal xizmatlar uchun to‘laydi. Dekabrda bu mablag‘ning besh ming rubli issiqlik ta’minoti uchun to‘lovga ketgan. Uning uyi joylashgan besh qavatli uyni isitish juda kech boshlangan — oktyabrning so‘nggi kunlarida. Ammo issiqlik to‘lovi butun oy uchun qilingan, deydi Yelena.
Pensiyaning qolgan qismi kun kechirish uchun yetarli emas. Yaqinda u Ukrainadagi urushdan qaytgan yaradorlar davolanadigan hospitalga sanitarka sifatida ishga kirgandi. Ammo Yelenaning o‘z o‘g‘li urushda bedarak yo‘qolgan va u yaradorlar bilan uzoq ishlay olmadi. Endi u mahalliy poliklinikaga hamshira bo‘lib ishga kiradi.
Mahalliy aholi vakillari qozonxona kimning qo‘lida bo‘lgani va u qanday hududda joylashganidan qat’i nazar, u yerdan shaharga boruvchi quvurlar holati haqida qayg‘urish munitsipal mulozimlar zimmasida bo‘lgani va bundan keyingi ishlar uchun ular javobgarligini qayd etishgan.
Hozirda Podolsk shahar okrugining vaziyat asta-sekin izga tushayotgani haqidagi har bir posti ostida uylar hamon sovuqligicha qolayotgani va buning ustiga nam ham bo‘lib ketgani to‘g‘risidagi o‘nlab izohlar yozilmoqda. Bunday xabarlar geografiyasi jabrlangan Klimovskdan ancha kengroq — bu esa Podolskning boshqa rayonlarida ham vaziyat og‘irligini ko‘rsatadi.