Lloyd Ostinda kasallik dastlabki bosqichda aniqlangan va uning tiklanishi uchun «yaxshi istiqbollar» mavjud. Oq uy bu faktning yashirilishidan norozi va bunday hollarda belgilangan tartibni qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Oq uy rasmiylariga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden bir haftadan ko‘proq vaqt oldin kasalxonaga yotqizilgan 70 yoshli Pentagon rahbari Lloyd Ostinning saraton tashxisi haqida 9 yanvar, seshanba kuni ertalab bilgan. «Bugun ertalabgacha Oq uyda hech kim vazir Ostinda saraton borligini bilmas edi», dedi seshanba kuni tushdan keyin Milliy xavfsizlik kengashining aloqa bo‘yicha direktori Jon Kirbi. Bu shuni anglatadiki, Bayden Ostin kasalligi haqida jamoatchilikdan bir necha soat oldin xabar topgan.
Oq uy vakili aytishicha, Bayden o‘z vazirining saratonga chalingani fakti yashirilgani haqidagi xabarga g‘azab bilan munosabatda bo‘lgan. «Bunday bo‘lmasligi kerak», deya AQSh prezidentining so‘zlarini keltirgan Jon Kirbi. Unga ko‘ra, Bayden hukumatda bunday holatlar bo‘yicha tartib qayta ko‘rib chiqilishini istayapti. Vazirliklarga tegishli xat allaqachon yuborilgan. «Bunday voqea boshqa takrorlanmasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak, – dedi Kirbi. – Vazirlar mahkamasining har bir a’zosi bu lavozim imkon qadar shaffof bo‘lish mas’uliyatini yuklashini biladi».