Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2023-yilda jahon oziq-ovqat bozorlaridagi narxlar o‘zgarishini tahlil qildi.
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO ma’lumotlariga asosan, 2023-yil yakunlari bo‘yicha FAO oziq-ovqat narxlari indekslarining* umumiy qiymati 124,0 punktni tashkil etgan. Bu 2022-yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 19,7 punkt yoki 13,7 foizga past.
Don ekinlarining o‘rtacha yillik narxi o‘tgan yil oxirida, 2022-yildagi rekord darajadagi o‘rtacha yillik ko‘rsatkichdan 15,4 foiz past bo‘ldi: bu pasayish xalqaro bozorlarda taklif yetarli darajada saqlanib qolgani bilan izohlanadi.
O‘simlik moyi narxi 2022-yildagiga nisbatan 32,7 foiz past bo‘ldi. Bu oxirgi 3 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich.
Jahon bozorida sut mahsulotlarining o‘rtacha yillik narxi 2022-yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan 16,6 foiz pasaydi: bu tendensiya import qiluvchi mamlakatlarda sezilarli zaxiralar mavjudligi sharoitida import talabining sustligi bilan bog‘liq.
Go‘shtning jahon bozoridagi o‘rtacha narxi 2022-yildagiga nisbatan 3,5 foiz past bo‘ldi: bu tendensiya go‘sht import qiluvchi asosiy mamlakatlardan global talabning sustligi sharoitida yetakchi eksport qiluvchi hududlarda eksport imkoniyatlarining oshishi bilan bog‘liq.
Jahon bozorida shakarning o‘rtacha yillik narxi 2022-yildagiga nisbatan 26,7 foiz oshdi va 2011-yildan buyon eng yuqori darajaga yetdi. Bu birinchi navbatda jahon shakar bozorida talab va taklif muvozanatining barqarorligiga oid xavotirlar bilan bog‘liq.
Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2023-yilda oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishini 9,7 foiz (besh yil davomidagi minimal ko‘rsatkich) darajasida ushlab turishga muvaffaq bo‘lindi. Bu ayrim oziq-ovqat mahsulotlari uchun bojxona to‘lovlarini nolga tenglashtirish kabi chora-tadbirlar natijasidir.
* FAO oziq-ovqat narxlari indeksi quyidagi mahsulot guruhlari uchun 5 ta narx subindeksini o‘z ichiga oladi: don, o‘simlik moyi, sut mahsulotlari, go‘sht, shakar. O‘lchov sifatida 2014-2016 yillar uchun o‘rtacha qiymatlar qo‘llaniladi.