Aloening jel qismi kuyish, kesilish va teri kasalliklarida foydali hisoblanadi. U terining yangilanishini tezlashtiradi va tinchlantiradi. Shuningdek u oshqozon-ichak traktidagi muammolarni yengillashtirishga yordam beradi. O‘pka sili va boshqa kasallik holatlarida davolovchi vosita sifatida qo’llash mumkin.
Qolaversa, u terini namlantiruvchi va yoshartiruvchi xususiyatga ega, shuning uchun ham kremlar, losyonlar va boshqa kosmetik mahsulotlarning tarkibiy qismi sifatida ishlatiladi. Undan tayyorlangan mahsulotlar hozirda dunyo bozorida yuqori narxlarda xarid qilinadi.
Aloe sharbatining tarkibi beta-karotin, kislotalar (limon, olma, gialuron), minerallar (fosfor, kalsiy, kaliy, rux, xrom, mis), uglevodlar (glyukoza, fruktoza, sellyuloza), efir yog‘lari, C, E, B guruh vitaminlaridan tashkil topgan. U manzarali va shifobaxsh o‘simlik sifatida xonadonlarda o‘stiriladi.
Yetishtirish sharoitlari
Aloe quruq va quyoshli sharoitni yaxshi ko’radi. Harorat 10°C dan past bo’lmasligi lozim, chunki u sovuqqa chidamsiz. Shuningdek, u tuproqning yaxshi drenajlangan bo’lishini talab qiladi. Qumli yoki toshli tuproqlarda yaxshi o’sadi. Og’ir va nam tuproqlar bu o’simlikka zarar yetkazishi mumkin.
Ushbu o’simlikka ortiqcha suv kerak emas. Uning sug’orilishi o’rtacha bo’lishi lozim, ortiqcha namlik ildizlarning chirishiga olib kelishi mumkin. Aloe to’g’ridan-to’g’ri quyosh nurini xush ko’radi, lekin ba’zan yarim soya ham uni o’stirish uchun maqbul variant sifatida ko’riladi.