Qarorga muvofiq, 2024-yil apreldan boshlab:
fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz onlayn shaklda bolalar nafaqasi va moddiy yordamga ariza topshirishlari mumkin. Bunda fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali arizalarni yuborish imkoniyati yaratiladi.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan “Yagona reyestr” AT orqali kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash boʻyicha elektron shaklda ariza berish huquqi beriladi.
Shuningdek, mazkur qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezonlariga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:
2023-yil dekabr oyidan boshlab:
bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlangandan soʻng “Yagona reyestr” AT yordamida har oyda oilaning iqtisodiy holati avtomatik ravishda monitoring qilinadi hamda oilaning iqtisodiy holati yaxshilangan (ikkinchi koʻchmas mulk yoki noturar joy, yangi avtotransport xarid qilgan yoki yuqori ish haqi olishni boshlagan) boʻlsa, nafaqa toʻlovi toʻxtatiladi.
Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2023-yil 16-noyabrdan boshlab berilgan arizalar uchun:
mehnat organlariga murojaat qilganligi sababli rasmiy bandlik talab etilmasdan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oila aʼzosi bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlangan oydan boshlab 3 oy davomida mehnat organi orqali kasbga tayyorlash, malaka oshirish, qayta tayyorlash oʻquv kurslarida oʻqimasa, markazda ish izlovchi yoki ishsiz sifatida roʻyxatga olinmasa, ishga joylashmasa, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi va oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar roʻyxatiga kirmasa yoki mehnat organlarining maqbul keladigan ishga doir takliflarini muntazam ravishda (ikki va undan ortiq marotaba) rad qilgan boʻlsa, keyingi oydan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam toʻlovi toʻxtatiladi;
ishlab chiqarilgan muddati 12 yildan oshmagan yengil avtotransport vositasi mavjud oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash rad etiladi. Bunda, oilada I yoki II guruh va 18 yoshgacha bolalikdan nogiron boʻlsa, ishlab chiqarilgan muddati 7 yildan oshgan oilaga nafaqa tayinlashni rad etmaslik tartibi saqlab qolinadi;
oila aʼzolari nomiga rasmiylashtirilgan tomorqa yer va/yoki dehqon xoʻjaligini yuritish bilan band boʻlgan faqat bitta oila aʼzosi band deb avtomatik belgilanadi;
fuqaroning chet elda ekanligi yoki “har bir oila – tadbirkor” faoliyati bilan band ekanligi elektron maʼlumotlar asosida avtomatik aniqlanadi. Bunda, mahalla fuqarolar yigʻinlari tomonidan belgilab berish tartibi bekor qilinadi;
ruhiy kasalliklar boʻyicha dispanser hisobida turgan oila aʼzolaridan bandlik talab etmaslik imtiyozi berilmoqda;
rasman nikohi bekor qilinmagan aliment toʻlayotgan er (xotin) oila tarkibiga kiritilmasligi belgilandi.
Bundan tashqari, 2024-yil 1-martdan boshlab “mahalla yettiligi” tomonidan bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam olayotgan oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq foydalanuvida boʻlgan avtotransport vositalari, koʻchmas mulklari hamda chorva mollari ularning arizalarida koʻrsatilgan maʼlumotlarga muvofiqligi joyiga chiqqan holda oʻrganiladi.