Onado’lining sirli xazinalari

Onado’lining sirli xazinalari

Turkiyaning madaniy jozibadorligining muhim qismini tarix davomida Onado’li yarim orolida hukmronlik qilgan ko’plab sivilizatsiyalar izlarida ko‘rish mumkin. Xettlar ushbu o‘ziga xos madaniy mozaikaning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, Onado‘lining ilk kuchli va nufuzli imperiyasi edi. Eng qadimgi tinchlik shartnomasini va ilk sevgi she’rini o’z ichiga olgan merosga ega Xettlar jahon tarixining muhim ustunlaridan biri hisoblanadi. Ulkan Xett imperiyasi hududlari hozirgi Onado‘li bo’ylab keng yoyilgan va Xett xarobalari Turkiyaning Markaziy Onado‘li mintaqasidagi Chorum viloyati chegaralarida joylashgan. Xett yo’li Turkiyada kam o’rganilgan yurish yo’li bo‘lsa-da, Xett tsivilizatsiyasining tarixiy manzilgohlarini kashf qilish va uning boy madaniy merosi bilan tanishish imkoniyatini beradi. Bu qudratli imperiya oʻzining 450 yillik hukmronligi davomida insoniyat tarixi va madaniyatiga behisob hissa qoʻshdi.

Xettlarning bronza davri merosi: Alajaho‘yuk

Uzunligi 385 kilometr bo’lgan Xett yo’lida bir-biridan taxminan 236 kilometr masofada joylashgan 17 ta piyoda yurish yo’llari va tog’ velosiped yo’llari kabi oltita muqobil yo’nalish mavjud. Marshrutning asosiy nuqtalari Xett poytaxti Xattusa, imperiyaning eng yirik shahri Alajaho‘yuk va Onado‘lining birinchi harbiy va ma’muriy markazi Sapinuva. Yo‘lning o‘zagini Bog‘azkale-Xattusa-Sapinuva, Alajaho‘yuk-Alaja-Sapinuva va Bog‘azkale-Alajaho‘yuk yo‘nalishi tashkil qiladi. Alajaho‘yuk, Bog’azkale va İnjesu yo‘nalishida yaxshi jihozlangan mehmonxonalar, bungalovlar (bir qavatli uy), yotoqxonalar va lager kabi turar joy turlari mavjud. Xett yo’lida yovvoyi tabiat va tarixiy yodgorliklarni ko‘rish imkoniyati, kanyon yurish yo‘llari mavjud, shuningdek, Chorumga xos taomlar juda ko‘p.

Alajaho‘yuk Chorumning uchta muhim Xett shahridan biri va Xett yo’lining boshlang’ich nuqtasidir. Turkiyaning ilk milliy qazishma ishlari olib borgan hududlaridan biri va bronza davri arxeologiyasiga qiziqqan har bir kishi tashrif buyurishi kerak bo’lgan joy bo’lib, hududda 6000 yildan ko’proq vaqtdan hayot mavjud. Uning xazinalari Xett davrlariga borib taqaladi. Alajaho‘yukdagi Xett aholi punktlari keng mudofaa tizimlari va bosqinlarning oldini olish uchun qurilgan kuchli darvozalari bilan diqqatni tortadi. Sfenks darvozasi shaharning ikkita asosiy kirish darvozalaridan biri bo’lib, minoralar, tosh bloklar va tashqi devorida o’yma naqshlar mavjud. Alajaho‘yuk haqidagi to‘liq ma’lumotni Anqaradagi Onado‘li sivilizatsiyalari muzeyidan topish mumkin. Muzeyda shaharning eng muhim topilmalari, jumladan, Xett tsivilizatsiyasi va san’atining timsoli hisoblangan Sfenks darvozasining asl bezaklari va qirollik qabrlaridan topilgan qabr sovg’asi bo‘lgan kumush naqshli bronza kiyik haykalchasi, Xett davriga oid kumush naqshli bronza buqa haykalchasi kabi noyob antik davr xazinalari mavjud.

 Qadimgi Xett poytaxti: Xattusa

Manzilning keyingi bekati Bog’azkale tumanida joylashgan Xattusa shahridir. Shahardan topilgan 30 000 ta loy lavhaning ko’pchiligida «Mingta xudolar shahri» nomi bilan tilga olingan Xattusa 450 yil davomida Xett tsivilizatsiyasining poytaxti bo’lgan va YuNESKOning Jahon madaniy merosi hamda YuNESKO “Jahon xotirasi” reestriga kiritilgan. Kadesh tinchlik shartnomasi loy lavhalar orasida ma’lum bo’lgan qadimgi tinchlik shartnomasi bo’lib, ushbu lavhalar hozirda Istanbul arxeologiya muzeylaridan Qadimgi Sharq san’ati muzeyida saqlanmoqda. Uzoqdan qaralganda atrofi yashillik bilan o‘ralgan ulkan tosh jumboqni eslatuvchi Xattusa, shubhasiz, ibodatxona xarobalari, monumental darvozalari, qirollik binolari va shahar devori qoldiqlari bilan diqqatga sazovor ochiq osmon ostidagi muzeydir. Eng muhim inshootlardan biri bo’ron xudosi Teshub va quyosh ma’budasi Arinnaga bag’ishlangan Buyuk ibodatxonadir. Shaharga kirishni ta’minlovchi Sfenks darvozasi va Qirol darvozasi kabi haybatli monumental darvozalar ham xarobalar orasidagi ramziy yodgorlikdir.

Qadimiy Xattusa shahridan qazib olingan artefaktlar va yodgorliklar Anqara Onado‘li stivilizatsiyalari muzeyi va Bog‘ozko‘y muzeyida namoyish etiladi.

Xettlarning diniy markazi: Sapinuva

Xett yo’lidagi so’nggi bekat – Sapinuva. Bugungi Oʻrtakoʻy tumanida joylashgan shahar siyosiy va geografik joylashuvi tufayli Xettlar davrida muhim harbiy va diniy markaz boʻlgan. Sapinuva keng qamrovli shahar bo’lib, unda ikkita bo’ron xudosi nomiga alohida qurilgan ikkita ibodatxona va malika saroyi va armiya qo’mondonligi kabi muhim muassasalar joylashgan. Bundan tashqari, shaharda 4000 ga yaqin Xett mixxat lavhalari topilgan. Xett tsivilizatsiyasiga oid muhim hujjat hisoblangan ushbu lavhalar hozir Chorum arxeologiya muzeyi kolleksiyasining bir qismidir. Sapinuva yaqinidagi Alaja chay vodiysi va İnjesu kanyoni tashrif buyurishga arzigulik maskanlardan.

Malohat ARTIKOVA