Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari 2024-yilning aprel oyida Toshkent shahrida uy-joylar uchun taklif etilgan ijara narxlarini tahlil qildi.
Toshkent shahrida ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. 2024-yilning aprel oyida poytaxtda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari mart oyidagiga nisbatan o‘rtacha 0,9 foizga, to‘liq ta’mirlangan xonadonlar uchun esa o‘rtacha 1,12 foizga pasaygan.
O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy ijarasi. 2024-yilning aprel oyida o‘rtacha ta’mirlangan 1 xonali turar joy uchun taklif etilgan ijara narxlari mart oyidagiga nisbatan o‘rtacha 1,4 foizga pasayib, 386 AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2 xonali xonadonlar uchun ijara narxlari 0,4 foizga pasaygan va 434 dollargacha tushgan. Shuningdek, o‘rtacha ta’mirlangan 3 va 4 xonali turar joylar uchun ijara narxlari mos ravishda 1,3 foiz va 0,6 foizga pasaygan va o‘rtacha narxlar 507 va 587 dollarni tashkil etgan.
O‘rtacha ta’mirlangan uy-joy uchun nisbatan arzon ijara narxlari Sergeli (1 xonali – 350 dollar, 2 xonali – 384 dollar ,3 xonali – 429 dollar, 4 xonali – 441 dollar), Olmazor (1 xonali – 361 dollar, 2 xonali – 408 dollar, 3 xonali – 449 dollar, 4 xonali – 477 dollar) tumanlarida taklif etilgan bo‘lsa, eng qimmat ijara narxlari Shayxontohur (1 xonali – 412 dollar, 2 xonali – 449 dollar, 3 xonali – 524 dollar, 4 xonali – 627 dollar) va Mirobod (1 xonali – 457 dollar, 2 xonali – 518 dollar, 3 xonali – 612 dollar, 4 xonali – 798 dollar) tumanlarida kuzatildi.
To‘liq ta’mirlangan uy-joy ijarasi. Aprel oyida to‘liq ta’mirlangan 1 xonali turar joylar uchun o‘rtacha ijara narxi 467 dollarni tashkil etib, o‘tgan mart oyidagiga nisbatan 0,8 foiz tushgan bo‘lsa, 2 xonali turar joylar uchun ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 631 dollarni va 2,1 foizni tashkil etgan. Shuningdek, 3 xonali turar joylar uchun taklif etilgan o‘rtacha ijara narxlarida (784 dollar) ham biroz (0,4 foiz) pasayish kuzatildi. Shuningdek, to‘liq ta’mirlangan 4 xonali turar joylar o‘rtacha ijara narxlari ham 1,1 foiz tushib, 901 dollargacha pasaygan.
To‘liq ta’mirlangan turar joylar uchun eng arzon ijara narxlari Uchtepa (1 xonali – 392 dollar, 2 xonali – 484 dollar, 3 xonali – 619 dollar, 4 xonali – 736 dollar) va Chilonzor (1 xonali – 413 dollar, 2 xonali – 512 dollar, 3 xonali – 652 dollar, 4 xonali – 774 dollar) tumanlarida, eng qimmat ijara narxlari esa Shayxontohur (1 xonali – 557 dollar, 2 xonali – 846 dollar, 3 xonali – 1069 dollar, 4 xonali – 1068 dollar) va Mirobod (1 xonali – 541 dollar, 2 xonali – 839 dollar, 3 xonali – 1028 dollar, 4 xonali – 1093 dollar) tumanlarida kuzatildi.
Ijara narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar olx.uz (https://www.olx.uz/) platformasidan veb skreping (wyeb scraping) usulida to‘plandi. Bunda 2024-yilning mart oyi uchun 52.2 mingta va aprel oyi uchun 86 mingta ma’lumotdan foydalanildi. Ikkala davr uchun ham tahlil narxlar chegarasining yuqori va pastki 5 foizlik kvantillari chiqarib tashlangandan keyin amalga oshiriligan.