Yevropa yetakchilari Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirganidan soʻng Rossiya taktik yadro qurollari boʻyicha harbiy mashgʻulotlar oʻtkazilishini maʼlum qildi.
Kreml dushanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin buyrugʻi bilan oʻtkazilayotgan harbiy mashgʻulotlar Gʻarb va NATOga aʼzo davlatlarning Ukrainaga qoʻshin kiritish haqidagi bayonotlariga javob ekanligini bildirdi.
Rossiyaning strategik yadroviy kuchlari muntazam ravishda mashgʻulotlar oʻtkazadi. Ammo bayonotda butun boshli shaharni yoʻq qilib yuboradigan strategik quroldan koʻra, kichikroq taktik yadro qurollaridan foydalanish aytilgan. Moskva oʻtgan hafta Emmanuel Makronning agar Kiyev muhtojlik sezadigan boʻlsa, oʻz askarlarini kiritish haqidagi gapidan keyin harakatga tushib qolgan. Fransiya rahbaridan bir kun oʻtib, Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Rossiya ichidagi nishonlar oʻqqa tutishda Buyuk Britaniya qurollaridan foydalanish Kiyevning qonuniy huquqi ekanligini eslatdi.
Rasmiy Moskva NATO aʼzolari oʻz askarlarini Ukrainaga joʻnatsa, alyans bilan ziddiyat muqarrar tus olishini aytib keladi. Rossiya va AQSH dunyodagi eng yirik yadroviy kuchlar boʻlib, dunyodagi 12 100 ta yadro kallaklarning 10 600 tadan ortigʻiga egalik qiladi. Xitoy uchinchi yirik yadroviy arsenalga ega, undan keyin Fransiya va Buyuk Britaniya oʻrin olgan.
Yadro qurolining aniq tavsifi qanday?
Taktik yadro qurollari koʻpincha ularning hajmi va masofasi yoki cheklangan maqsadlar uchun ishlatilishi bilan belgilansa-da, umumeʼtirof etilgan taʼrifi yoʻq. Ushbu qurollarni tavsiflovchi aniq oʻlcham mavjud emas. Lekin ular odatda anʼanaviy bombalarga qaraganda ancha katta boʻlib, portlashdan tashqari radioaktiv xususiyatga ega va boshqa halokatli taʼsirlarni keltirib chiqaradi.
AQSH harbiylari ushbu quroldan ishlab chiqarish, infratuzilma, transport va aloqa tizimlarini nishonga olishda ishlatishadi va boshqa qurollardan farqli oʻlaroq “Strategik qurollar” deb ataydi. Taktik qurollar esa cheklangan imkoniyatga ega boʻlib, ballistik raketalardan ancha past boʻlgan raketa, artilleriya snaryadlariga oʻrnatilishi mumkin.