Oʻzbekiston va Italiya “The Samarkand express” hashamatli sayyohlik poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyadi

Oʻzbekiston va Italiya “The Samarkand express” hashamatli sayyohlik poyezdi qatnovini yoʻlga qoʻyadi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va Italiyaning “Arsenale Group” kompaniyasi oʻrtasida ushbu turistik poyezd loyihasi boʻyicha hujjat imzolandi.

“The Samarkand express”ning ishga tushirilishi Oʻzbekistonda turizm uchun yangi imkoniyatlar ochadi, unutilmas hissiyot va taassurotlar izlayotgan xorijiy sayohatchilarni jalb qiladi. Poyezd nafaqat transport vositasi, balki yoʻlovchilarga qadimiy va zamonaviy Oʻzbekiston tarixi, anʼanalari va turmush tarzi bilan tanishish imkoniyatini beruvchi madaniy almashinuv platformasi boʻladi.

Loyiha turizmda, kichik va yirik biznes sohalarida yangi ish oʻrinlari yaratish orqali mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qoʻshadi. Ushbu loyiha turizmni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning muhim oʻrin ega ekanini ifoda etadi. Shuningdek, Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini oshirishga, butun dunyodan VIP sayyohlar eʼtiborini jalb qilishga va uning Markaziy Osiyodagi eng qiziqarli turizm yoʻnalishlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“The Samarkand express” – yoʻlovchilarga mislsiz qulayliklar va betakror sayohat taassurotlarini taqdim etadigan hashamatli poyezddir. Yoʻlovchilar keng va nafis kupelar, sarxil taomlar, yuqori darajali xizmat koʻrsatish va goʻzal Oʻzbekiston landshaftlarining hayratlanarli manzaralarini taqdim etuvchi panoramali oynalardan foydalanishlari mumkin boʻladi.