Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi – Prezident administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarovning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi doirasida Qirg‘izistonning Toshkent shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri matbuot kotibi xabar berdi.
Ikki mamlakat Bosh vazirlari ramziy tasmani kesib, Qirg‘iziston diplomatik vakolatxonasi binosini ochib berdi. Elchixonada diplomatlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Shuningdek, Abdulla Aripov va Oqilbek Japarov mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarini mustahkamlashga intilish ramzi sifatida ikki tup daraxt ekdi. Bosh vazirlar elchixona Faxriy mehmonlar kitobiga o‘z tilaklarini yozib qoldirdi.