Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023 yillarda O‘zbekiston hududlarida sanoatning rivojlanishidagi ijobiy o‘zgarishlarni tahlil qildi.
2017-2023 yillarda O‘zbekistonda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 1,4 barobar oshib, 2023-yilda 655,8 trillion so‘mni tashkil etdi. Mamlakatimizning 9 ta hududi, jumladan Andijon, Namangan, Xorazm, Jizzax, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrida investisiya faolligi va mahalliy resurslarni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi hisobiga sanoat tarmog‘ining jadal o‘sishi (1,5-2,1 barobar) ta’minlandi.
Tahlil qilinayotgan davrda 11 ta hududda YAHMda sanoat ulushining ortishi hududlar iqtisodiyotidagi jiddiy o‘zgarishlardan dalolat beradi. Shunday qilib, sezilarli siljishlar Navoiy (2018-yilda 54,6% dan 2023-yilda 70,4% ga), Jizzax (9,2% dan 16,9% ga), Toshkent (40,6% dan 47% ga), Andijon (22,4% dan 27,9% ga), Buxoro (12,9% dan 18,3% ga), Sirdaryo (21,3% dan 26,4% ga), Xorazm (12,8% dan 15,6% ga) va Namangan (12,6% dan 15,2% ga) viloyatlarida kuzatildi. Natijada, YAHMdagi sanoat ulushi 15% dan past bo‘lgan hududlar sonini oltitadan bittagacha qisqartirishga erishildi.
Mamlakat ishlab chiqarish sanoatidagi tarkibiy o‘zgarishlar o‘rtacha texnologik ishlab chiqarish ulushining 49,1% dan 62,3% ga o‘sishi bilan bog‘liq. Aksariyat hududlarda, ayniqsa Buxoro (47,7% dan 62,2% ga), Jizzax (26,3% dan 71,4% ga), Qashqadaryo (34,3% dan 49% ga), Namangan (16,8% dan 24,3% ga), Sirdaryo (13,2% dan 24,8% ga), Xorazm (39,7% dan 49,6% ga) viloyatlarida shunga o‘xshash natijaga kimyo, avtomobilsozlik va elektrotexnika sanoatining rivojlanishi hisobiga erishildi.
2023-yil yakuniga ko‘ra, Toshkent shahri (41,2 mln. so‘m), Navoiy (95,4 mln. so‘m), Toshkent (35,0 mln. so‘m) viloyatlari bilan bir qatorda Andijon viloyati (21,9 mln. so‘m) ham sanoati rivojlangan hududlar guruhiga kiritildi. Bu yerda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan ishlab chiqarish ko‘rsatkichi respublika ko‘rsatkichidan (18,0 mln. so‘m) yuqori bo‘ldi. 2017-2023 yillarda Buxoro (8-o‘rindan 6-o‘ringa), Jizzax (12-o‘rindan 7-o‘ringa), Xorazm (11-o‘rindan 8-o‘ringa) viloyatlarining reytingdagi o‘rni yaxshilandi. Bu esa ularning o‘rtacha rivojlangan hududlar guruhiga (aholi jon boshiga ishlab chiqarish 9-18 mln. so‘mni tashkil etadi) kirishiga imkon berdi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida mahalliy xom ashyo bazasidan samarali foydalanish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, sanoatning «drayver» sohalarini rivojlantirish va hududlarning sanoat salohiyatini to‘liq ishga solish ko‘zda tutilgan. Bunda hududlar imkoniyatidan kelib chiqib, elektrotexnika, farmasevtika, mashinasozlik, kimyo, energetika, biotexnologiya kabi yo‘nalishlarga katta e’tibor qaratilgan bo‘lib, hududlarda ilmiy-ishlab chiqarish klasterlari, «Izlanish va rivojlantirish» (R&D) markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.