Astma keng tarqalgan kasallik boʻlishiga qaramay, uning inson organizmida qanday boshlanishi noaniqligicha qolmoqda. Olimlar endi ushbu xastalikning kelib chiqish sababini, eng muhimi, uning asosiy alomatlarini oldini olishga qaratilgan yangi davolash usulini aniqladilar.
JSST maʼlumotlariga koʻra, bugun butun dunyo boʻylab astmadan 262 million nafarga yaqin inson aziyat chekadi. Ammo uning keng tarqalishiga qaramay, hali ham olimlar uchun bu kasallik haqidagi koʻp jihatlar tushunarsiz boʻlib qolmoqda. Odatda unga yalligʻlanish xastaligi sifatida qaraladi: gulchang yoki chang kabi qoʻzgʻatuvchilar nafas yoʻllarini toraytiradigan va nafas olishni qiyinlashtiradigan yalligʻlanishni keltirib chiqaradi. Ingalyatorlar nafas yoʻllarini boʻshashtirish va yalligʻlanishni kamaytirish orqali bu holatni yengillashtirishi mumkin.
Yangi tadqiqot esa kasallikning boshqa asosiy sababiga ishora qiladi. Yaʼni uning alomati yalligʻlanishning oʻzi ekaniga eʼtibor qaratiladi. Nafas yoʻllarining mushaklari qisqarganda (bu bronxospazm deb ataladi), nafas yoʻllaridagi epitelial hujayralar “siqib chiqariladi” va keyinchalik nobud boʻladi. Ushbu hujayralarning kamayishi va toʻsiq boʻlib xizmat qilishi uchun ularning kam qismigina qolishi sababli kelajakda astma xurujlari ehtimoli ortadi.
“Jarayonlarni kuzatgan hujayra boʻyicha biologlar sifatida astma xurujining jismoniy cheklovi nafas yoʻllari toʻsigʻining keng miqyosdagi nobud boʻlishiga olib kelishini koʻrdik”, — deydi tadqiqotning yetakchi muallifi, professor Jodi Rozenblatt. — Ushbu toʻsiqsiz astma bilan ogʻrigan bemorlarda uzoq muddatli yalligʻlanish koʻproq uchraydi. Bu esa koʻproq xurujlarni keltirib chiqaradi. Ushbu asosiy mexanizmni tushunib, barcha hodisalarning oldini yaxshiroq olishimiz mumkin”.
Jamoa sichqon modellarida olib borgan tadqiqotlari yaxshi natija berdi, eng muhimi, hujayralarni haddan tashqari siqib chiqarilishini oldini olishning potensial usuli topildi. Avval gadoliniylarning kimyoviy birikishi bu jarayonni bloklashi aniqlangan edi. Yangi tadqiqotda esa olimlar sichqonlarda astma xurujlari bilan bogʻliq hujayralar shikastlanishi va yalligʻlanishining oldini olish uchun ish berishini isbotladi.
“Hozirgi davolash usullari bu buzilishning oldini olmaydi — ingolyatorlar nafas olish uchun juda muhim boʻlgan nafas yoʻllarini ochadi, ammo afsuski, biz ularning xurujdan keyingi zarar va alomatlarning oldini olmasligini aniqladik”, — dedi Rosenblatt.
Olimlar sichqon modellarida nafas yoʻllarining shikastlanishini, shuningdek keyingi yalligʻlanish va shilliq sekretsiyasini toʻxtatish uchun MRTda tez-tez qoʻllaniladigan arzon birikma — gadoliniydan foydalanish mumkinligini aniqladi. Ushbu zararlanishning profilaktikasi kelajakda xurujlarga olib keladigan mushaklarning oʻsishini oldini olishi mumkin.
Albatta, tadqiqot faqat sichqonlarda amalga oshirildi, shuning uchun bu natijalar insonlarda takrorlanishiga kafolat yoʻq. Ammo jamoaning taʼkidlashicha, yangi tadqiqot astmaning yangi davolash usullarini ishlab chiqishga (hozirgi usullar faqat uning simptomlarini davolashga qaratilgan) yordam beradi.
Tadqiqot “Science” jurnalida chop etildi.