Oʻtgan davr mobaynida davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etish, davlat organlarining hisobdorligi, ochiqligi va shaffofligini kuchaytirish, vakillik organlarining taʼsirchan nazoratini yoʻlga qoʻyish borasida izchil islohotlar olib borildi.
Xususan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan xalq deputatlari Kengashlarining nazorat funksiyalarini kengaytirish maqsadida ularga qirqdan ortiq qoʻshimcha vakolatlar berildi.
Umuman olganda hududiy vakillik organlarining faoliyati samaradorligini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Ushbu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2 fevraldagi “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmon bilan “Kuchli Kengash, tashabbuskor va hisobdor hokim” tamoyili asosida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini yanada kuchaytirish boʻyicha muhim qadamlar tashlandi.
Shuningdek, Oʻzbekistonda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
Oliy Majlis Senati tomonidan Konsepsiya ishlab chiqilishini tashkil etish komissiyasi va har bir yoʻnalish boʻyicha soha mutaxassislaridan alohida ishchi guruhlar tashkil etildi.
Oliy Majlis Senati Raisi rahbarligida tashkil etilgan komissiya majlisida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarini tom maʼnodagi hokimiyat institutiga aylantirishni nazarda tutgan holda Konsepsiya loyihasini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Konsepsiyani ishlab chiqishda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan yoʻnalishlar belgilab olindi. Shu bilan birga, xalq deputatlari Kengashlarining samarali faoliyati yuritishiga toʻsqinlik qilayotgan omil va sabablarni chuqur tahlil qilish, vakillik organlari faoliyatiga oid xorijiy tajribani oʻrganish lozimligi taʼkidlandi.
Konsepsiyada mahalliy Kengashlar faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish orqali deputatlar hamda saylovchilar oʻrtasida elektron muloqot maydonini yaratish zarurligi qayd etildi.
Konsepsiya hamda uni amalga oshirish boʻyicha tegishli “yoʻl xaritasi” loyihasining keng jamoatchilik vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirokida muhokamalarini tashkil etish kabi vazifalar belgilab olindi.