Toshkent shahri va Toshkent viloyatida qalbaki 71 200 AQSH dollarining muomalaga kiritilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkent shahrida yashovchi, 1994 va 2002 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs har bir qalbaki AQSH dollarini 7500 so‘mdan hisoblab, xaridorga qalbaki 18 800 AQSH dollarini 141 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, ulardan qo‘shimcha qalbaki 9 500 AQSH dollari ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan shaxs qalbaki 20 ming AQSH dollarini haqiqiy 14 ming AQSH dollariga sotishga kelishib, xaridorga qalbaki 12 000 AQSH dollarini bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Shu bilan birga, uning yashash xonadonidan ham qalbaki 400 AQSH dollari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Ushbu shaxs muqaddam odam savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlanib, hozirda probatsiya nazoratida bo‘lgani aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida, voqea joyiga birga kelgan uning sherigi – Oltiariq tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan fuqaro boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salonida ham qalbaki 10 500 AQSH dollari borligi ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir natijasida jami qalbaki 22 900 AQSH dollari protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon viloyatida yashovchi, 1980 va 1999 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs har bir qalbaki 100 AQSH dollarini haqiqiy 40 AQSH dollaridan hisoblab, xaridorga qalbaki 20 000 AQSH dollarini haqiqiy 8 ming AQSH dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.