Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda senatorlar, masʼul vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlari doimiy komissiyalari vakillari, ekspertlar, Yoshlar parlamenti aʼzolari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Majlisda ishtirokchilar navbatdagi yalpi majlis kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalarni, jumladan “Sanoat namunalarini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Gaaga bitimining Jeneva aktiga (1999-yil 2-iyul, Jeneva) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi hamda “Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961-yil 26-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlarni muhokama qildi.
Senatorlar O‘zbekistonning Gaaga bitimining Jeneva aktiga qo‘shilishi o‘z sanoat mahsulotlarini, birinchi navbatda, tashqi bozorlarda ilgari surishdan manfaatdor bo‘lgan subyektlarga mavjud milliy tizimlarga qaraganda sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartib-taomilini olish imkonini berishini taʼkidladi.
Muhokama davomida ushbu bitim mamlakatimizning jahon texnologiya bozorida o‘z taʼsirini oshirish imkonini berishi, xalqaro imijiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishi hamda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi alohida taʼkidlandi.
“Ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyani (Rim, 1961-yil 26-oktyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ahdlashuvchi davlatlarda ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlarining intellektual huquqlarini himoya qilishga qaratilgan.
Xususan, Konvensiyani ratifikatsiya qilgan tomonlar ijrochilar, fonogramma tayyorlovchilar va eshittirish tashkilotlari huquqlarini himoya qilishni taʼminlashning milliy rejimini taqdim etishi belgilangan.
Mazkur Qonun imzolangandan so‘ng O‘zbekiston turdosh huquqlar sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi, bu esa bozor munosabatlarini yana-da rivojlantirishga va mamlakatimizning investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga xizmat qiladi.
Senatorlar milliy qonunchilikning mazkur xalqaro hujjatlar qoidalariga muvofiqligini, ularni ratifikatsiya qilishdan kutilayotgan natijalarni, shuningdek, uni keyinchalik implementatsiya qilish mexanizmlarini atroflicha muhokama qildi.
Qonunlar Qo‘mita tomonidan Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish uchun tavsiya etildi.