Qashqadaryoda Italiyaning mashhur kiyim brendi oʻz filialini ochdi

Qashqadaryoda Italiyaning mashhur kiyim brendi oʻz filialini ochdi

Koʻkdala tumanida Italiyaning mashhur kiyim brendi — «Cotonella» kompaniyasining filiali ochildi.

2023-yilning sentyabr oyida Koʻkdala tumani hokimligi delegatsiyasi Italiyada boʻlib, «Cotonella» kompaniyasi vakillari bilan uchrashib, tumanda ushbu brend ostida mahsulotlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishgan edi.

Shundan soʻng qisqa muddat ichida Koʻkdala tumani markazida ushbu kompaniyaning filiali barpo etilib, mahsulot ishlab chiqarish boshlandi. Loyiha qiymati 1,2 million yevroni tashkil etgan ushbu korxonada yiliga 1 million dona tayyor ayollar kiyim-kechaklari ishlab chiqariladi. Korxona faoliyat boshlashi bilan 80 kishining bandligi taʼminlandi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Ayni paytda Qashqadaryo viloyatidagi xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 163 tani tashkil etmoqda. Ularning asosiy qismi MDH davlatlari, Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Eron, Hindiston kabi davlatlar hissasiga toʻgʻri keladi. «Cotonella» kompaniyasining filiali esa viloyatda Italiya sarmoyasi asosida faoliyat boshlagan ilk korxona hisoblanadi.