Toshkent viloyatida yer maydonlarini noqonuniy sotish bilan bogʻliq bir qator jinoyatlarning oldi olindi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda maklerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi 2 nafar shaxs Ohangaron tumanidagi qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashgan MCHJga 30-yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 96,6 gektar yaylov yer maydonini mansabdor tanishlari orqali, chorvachilik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 70 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, maklerlar ushbu noqonuniy ishni Toshkent viloyati Qishloq xoʻjaligi boshqarmasida boʻlim boshligʻi oʻrinbosari, shuʼba boshligʻi hamda bosh mutaxassis lavozimlarida ishlovchi 3 nafar shaxs orqali hal qilmoqchi boʻlganliklari aniqlanib, ular ham qoʻlga olindi.
Toshkent tumanidagi MCHJ rahbari hamda ishchisi oʻzaro til biriktirib, muqaddam avtoturargoh va intensiv yongʻoqzor tashkil etish uchun, ushbu MCHJga 9-yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 50 sotix yer maydonining 25 sotixini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Ohangaron tumanida yashovchi, 1983 й.т. shaxs oʻz onasiga tegishli chorvachilik fermasiga muqaddam 49-yil muddatga ijara huquqi asosida berilgan 20 gektar yer maydonini tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish va uning 40 sotix qismida qurilish ishlari olib borish uchun mansabdor tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga 100 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 30 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.