Muborak Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

Muborak Ramazon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Xalqimiz uchun asrlar davomida ezgulik, mehr-oqibat, xayru saxovat, maʼnaviy poklanish ayyomi boʻlib kelayotgan muborak Ramazon oyini bu yil yurtimiz moʻmin-musulmonlari oʻzgacha shukuh va hamjihatlik bilan oʻtkazdilar. Ayniqsa, rahmat va magʻfirat nurlari yogʻiladigan ushbu saodatli kunlarda kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslarga moddiy va maʼnaviy yordamlar koʻrsatilayotgani, barcha hududlarimizda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ehson dasturxonlari yozilib, el-yurtimizning tinchligi, baxti va kelajagi uchun duoyi fotihalar qilinayotgani bu oyning fayzu tarovatini yanada oshirmoqda.

Hech shubhasiz, bunday savobli va oliyjanob ishlar yer yuzidagi barcha insonlarni doimo doʻst va birodar boʻlib yashashga daʼvat etadigan muqaddas islom dinimizning ezgu gʻoyalarini chuqur his etgan holda, mamlakatimizdagi tinchlik va barqarorlikni, turli millat va konfessiyalar oʻrtasidagi totuvlikni mustahkamlashga, bugungi yorugʻ hayotimizning qadriga yetib, uni yanada obod va farovon etishga xizmat qilmoqda.

Muborak Ramazon hayiti kunlarida yanada yaqqol namoyon boʻladigan ana shunday anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda keng targʻib etish maqsadida:

1. Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 10-aprel – chorshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2024-yil 10-aprel kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Ramazon hayitini xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga uygʻun holda oʻtkazish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Turizm qoʻmitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Ramazon hayiti kunlarida moʻtabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi M.M. Kamilov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.Mirziyoyev