Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda qulay investisiyaviy muhitni yaratish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar va ularning natijasini tahlil qildi.
2023-yilda mamlakatimizda asosiy kapitalga investisiyalar 2017-yildagiga qaraganda 2,2 marotaba ortib, 352,0 trln. so‘mga yetdi. Ushbu mablag‘larning yalpi ichki mahsulot (YAIM) dagi ulushi esa 22,7 foizdan 33,0 foizgacha oshdi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlarni jalb qilishning sezilarli darajada faollashishi so‘nggi 6 yil davomida investisiya mablag‘larining ortishida muhim omillardan biri bo‘ldi. Bu davrda ushbu ko‘rsatkich 5,7 marotaba oshdi va 2,4 mlrd. AQSH dollaridan 14,2 mlrd. AQSH dollariga yetdi. Mos ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar va kreditlarning YAIMdagi ulushi ham 4,0 foizdan 15,6 foizgacha ortdi.
Investisiyalar uchun yaratilgan qulay sharoit natijasida respublikada faoliyat yurituvchi korxonalar soni 1,7 barobar oshdi va 285,0 mingtadan 485,0 mingtaga yetdi. Jumladan, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 2,6 marotaba ortib, 5,5 mingtadan 14,1 mingtaga yetdi.
Davlat – xususiy sheriklik (DXSH) loyihalari orqali xususiy sektor mablag‘larini ijtimoiy muhim ahamiyatga ega tarmoqlarga jalb qilish investisiya siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu sohadagi ilk qadamlar atigi 5 yil avval tashlagan bo‘lsa ham, bugungi kunda O‘zbekistonda umumiy qiymati 17 mlrd. AQSH dollariga teng bo‘lgan 1018 ta DXSH kelishuvi imzolandi.
Investisiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotning investisiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan:
➖ 250 milliard AQSH dollari miqdoridagi investisiyalarni o‘zlashtirish;
➖ davlat-xususiy sheriklik doirasida 30 milliard AQSH dollari miqdorida investisiyalarni jalb qilish;
➖ asosiy kapitalga kiritiladigan investisiyalar hajmining yillik o‘rtacha 7 foiz atrofida o‘sishini ta’minlash;
➖ hududlarning investision reytingini yuritish, har bir hududning imkoniyatlaridan kelib chiqib, uning investorlar uchun jozibadorligini yanada oshirish.