Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib, soʻnggi yillarda har ikki tomon manfaatlariga xizmat qiluvchi togʻ-kon sanoati va geologiya-qidiruv sohasida ham yangi-yangi istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, «Navoiyuran» davlat korxonasi va Xitoyning Milliy yadro korporatsiyasi bilan yoʻlga qoʻygan oʻzaro hamkorlik aloqalari mamlakatimizda uran sanoati rivojida yana bir muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.
Xitoyning Milliy yadro korporatsiyasi («China National Nuclear Corporation» — CNNC) atom energetika (qurilish, tadqiqot, muhandislik) yoʻnalishida faoliyat olib boradigan davlat kompaniyasi vitse-prezidenti Shen Yanfen boshchiligidagi delegatsiyasi vakillari «Navoiyuran» davlat korxonasida boʻlib, mazkur yoʻnalishdagi bir qator masalalarni muhokama qilishdi.
Dastlab «Navoiyuran» DK birinchi oʻrinbosari A. Saparov xitoylik mutaxassislarni «Zafarobod» kon boshqarmasiga qarashli 2-geotexnologik koni ishlab chiqarish faoliyati bilan tanishtirdi.
— Xitoy Milliy yadro korporatsiyasi Xitoydagi global yadroviy loyihalar boʻyicha yetakchi boʻlib, mazkur korporatsiya ushbu mamlakatda amalda ishlab turgan va yangidan qurilayotgan mahalliy atom elektr stansiyalarining asosiy investori hisoblanadi, — deydi Navoiyuran» DK birinchi oʻrinbosari — Bosh muhandis A. Saparov. — Hozirda ushbu korporatsiya 22 ta amalda ishlayotgan va 6 ta yangidan qurilayotgan energobloklarga ega boʻlib, Xitoydagi yagona uran ishlab chiqaruvchi yirik korporatsiyadir. Kelgusida Xitoy korporatsiyasi va «Navoiyuran» oʻrtasida gidrotermal va qora slanesli konlarni birgalikda oʻzlashtirish va hamkorlikda uran ishlab chiqarish ishlari yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.
Xitoylik hamkorlar shuningdek, Navoiy shahrida joylashgan Uran ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Shundan soʻng, tashrif dasturiga muvofiq Toshkent shahrida Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi rahbariyati va Xitoyning Milliy yadro korporatsiyasi delegatsiyasining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda joriy yilning 23-yanvar kuni imzolangan «Uran resurslari boʻyicha strategik hamkorlik» toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan masalalar, xususan geologiya-qidiruv ishlariga investitsiya kiritish, istiqbolli maydonlarda oʻzaro hamkorlikda dala geologiya-qidiruv ishlarini tashkil qilish, shuningdek, texnik quduqlarni burgʻilash masalalari muhokama etildi.