Kuniga bir kilometr piyoda yurish salomatlikka qanday taʼsir koʻrsatadi?

Kuniga bir kilometr piyoda yurish salomatlikka qanday taʼsir koʻrsatadi?

Piyoda yurish — jismoniy mashqlar orasidagi eng oson va qulay turi. Yurish salomatlik uchun foydali boʻlibgina qolmay, insonning ruhiy holatiga ham ijobiy taʼsir etadi.

Xoʻsh, piyoda yurishning nafi haqida mutaxassislar qanday tibbiy tavsiyalar beradi?

— Odam oʻzini yaxshi his qilishi va tashqi koʻrinishining koʻrkam boʻlishida piyoda yurishning ahamiyati katta, — deydi Salomatlik va strategik rivojlanish instituti boʻlim boshligʻi, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Tohirova. — Sababi yayov yurganda insonning barcha muskullari harakatga kelib, tanada moddalar almashinuvi yaxshilanadi.

Ayniqsa, erta tongda piyoda yurish salomatlik uchun juda foydali. Chunki bu vaqtda havo toza boʻladi, kishi kechasi uxlab, dam olgani sababidan charchamasdan 30-40 daqiqa bemalol yayov kezishi mumkin.

Qolaversa, kechki payt ishdan chiqqach, imkon boʻlsa, yoʻlning bir qismini piyoda bosib oʻtish, ruhiyatga tetiklik baxsh etib, kishini tinchlantiradi va charchoqni oladi.

Shuningdek:

Umr davomiyligini uzaytiradi. Koʻp yillik tadqiqotlar natijasiga koʻra, har kuni bir yoki undan ortiq kilometr masofani piyoda bosib oʻtishga odatlanganlar bunday mashgʻulotni xush koʻrmaydiganlarga nisbatan 7-yilgacha koʻproq umr koʻrar ekan. Shuningdek, muntazam piyoda yurish yoshlikni uzaytiradi.

Moddalar almashinuvini yaxshilaydi. Yuqori qon bosimi, qand miqdorining balandligi, ortiqcha vazn, asabiylik, turli kasalliklarga tez chalinuvchanlik, bosh ogʻrigʻi, tez charchash… Bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin va bularning barchasiga muntazam piyoda berish orqali yaxshigina zarba berish mumkin.

Mablagʻni tejaydi. Bugun yurtimizda sport zallari va fitnes klublari koʻp. Ammo ularga qatnash uchun mablagʻ kerak. Bundan tashqari, velotrenajyor sotib olib, uyda shugʻullanish uchun ham pul zarur. Shunchaki piyoda yurish esa yoʻl-yoʻlakay ishlarni bitirish bilan birga, sizni ana shunday xarajatlar, eng muhimi, qimmat tibbiy muolajalardan xalos etadi.

Uyquni yaxshilaydi, stressdan himoyalaydi. Asrimizning quloch yozayotgan muammolari qatorida stress va uyqu buzilishi alohida oʻrin tutadi. Ularning har ikkisi bir-biriga chambarchas bogʻliq. Muntazam piyoda yurish aqliy tetiklik bilan birga, jismoniy charchoqqa olib keladi. Bu esa oʻz navbatida asabni tinchlantirib, tiniqib uxlashga yordam beradi.

Suyaklarni mustahkamlaydi. Qator suyak kasalliklari borki, ularda piyoda yurish nafaqat befoyda, balki zararli va xavfli hamdir. Yangi jarohatlar, artritning faol bosqichlari shular jumlasidan. Ammo mutlaq koʻpchilik uchun piyoda yurish suyaklarni mustahkamlashdek muhim yutuqni keltiradi. Tayanch-harakat tizimining sogʻlomligi esa organizmdagi juda koʻp muammolarning oldini oladi.

Koʻrish qobiliyatini yaxshilaydi. Ochiq havoda, istirohat bogʻlarida, keng dalalarda sayr qilayotgan inson istasa-istamasa, uzoqlarga tikiladi, turli manzaralarni tomosha qiladi. Piyoda yurish ortidan qon aylanishi yaxshilanishi koʻzga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmaydi.

Kasalliklarning oldini oladi. Meʼyorida, maʼlum bir masofaga piyoda yurishning nojoʻya taʼsiri yoʻq, aksincha salomatlik uchun foydali jihatlari talaygina. Xususan, yayov kezish semizlik, yurak-qon tomir xastaliklari, shamollash, qandli diabet kabi kasalliklar va turli zararli odatlardan xalos boʻlishga yordam beradi.

Shunday ekan piyoda yurishni odatga aylantiring va doimo sogʻlom boʻling.