Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rossiyaliklarni bahorgi muddatli harbiy xizmatga chaqirish haqidagi farmonni imzoladi. Tegishli hujjat bugun, 31 mart kuni rasmiy portalda e’lon qilindi.
Farmonga ko‘ra, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar harbiy xizmatga chaqiriladi. 2023 yil oxirigacha 27, 28 yoki 29 yoshga to‘lgan hamda rezervda bo‘lgan shaxslar bu yil muddatli harbiy xizmatdan ozod etiladi. Shuningdek, akkreditatsiyadan o‘tgan IT-kompaniyalar xodimlariga 30 yoshga to‘lgunga qadar muddatli harbiy xizmatni o‘tashni kechiktirish huquqi taqdim etiladi.
Hujjatda 2024 yil 1 apreldan 15 iyulgacha bo‘lgan muddatda 150 ming nafar fuqaro muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi belgilangan. Bu so‘nggi 8 yil ichidagi eng ko‘p muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar soni hisoblanadi. Farmonda keltirilishicha, muddatli harbiy xizmatni o‘tash muddati tugagan askarlar, matroslar, serjantlar va brigadirlar harbiy xizmatdan bo‘shatiladi.
Rossiya Federatsiyasi hukumati, mintaqaviy hokimiyat organlari va chaqiruv komissiyalariga harbiy xizmatga chaqirish doirasida barcha zarur tadbirlarni amalga oshirishni ta’minlash yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabining tashkiliy va safarbarlik bosh boshqarmasi boshlig‘i, general-polkovnik Yevgeniy Burdinskiy “Krasnaya zvezde” nashriga bergan intervyusida bahorgi muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilmasligini aytgan.