Immun tizimi — organizmni turli mikrob va infeksiyalardan himoyalovchi qalqon. Qolaversa, u tana aʼzolarimiz faoliyatini tartibga solishda muhim rol oʻynaydi.
Biroq yosh oʻtgan sayin odam immuniteti tobora zaiflashib boraveradi. Qarish jarayoni va immun tizimi oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrgangan tadqiqotchilar xulosasi shunday. Yaʼni keksalarda timus bezi hajmi kichrayib, gormonlar ishlab chiqarilishi ozayishi va limfoid toʻqimalar atrofiyasi kuzatilishi — tasdiqlangan ilmiy fakt.
Buning oqibati qon tarkibida T-limfotsitlar miqdori kamayishiga olib keladi. Shuningdek, limfotsitlar oʻz hujayralarimiz yordamida faollashish qobiliyatini bora-bora yoʻqotadi.
Ana shu omilga asoslangan Buyuk Britaniya olimlari muayyan hujayralarga taʼsir koʻrsatuvchi muolaja usuli orqali keksa insonlar immunitetini tiklash yoʻlini topdi.
Tadqiqot davomida gematopoyetik ildiz hujayralarini yoʻq qilish va ularni yangilari bilan almashtirish yordamida immunitet tizimi muvozanatini tiklash mumkinligi oʻrganildi.
Buning uchun dastlab sichqonlar ustida tajriba oʻtkazilib, 18-24 oylik ushbu jonivorlar organizmiga gematopoyetik ildiz hujayralarining bir qismini yoʻq qilishga qaratilgan antitanalar yuborildi. Natijada tanaga kiritilgan yangi V va T-limfotsitlari tufayli immun tizimi mustahkamlandi.
Olimlarning taʼkidlashicha, ular bitta muolaja kursi bu qadar katta samara berganidan hayratda.
Muhimi, davolangan va davolanmagan hayvonlar oʻrtasidagi tafovut ikki oydan keyin ham saqlanib qoldi. Masalan, muolaja qilingan jonivorlar sakkiz hafta oʻtgach, ilgari duch kelmagan virusga qarshi emlanganida, ularning immun tizimi boshqa hayvonlarnikiga qaraganda kuchliroq javob reaksiyasini namoyon qilib, infeksiyaga ancha samarali qarshilik koʻrsata oldi.
Shundan kelib chiqib, tadqiqotchilar mazkur yangi usul keksa insonlarning koronavirus singari xavfli infeksiyalar va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi himoya qobiliyatini oshirishiga ishonch bildirmoqda. Yakuniy xulosa esa insonlarda oʻtkaziladigan klinik sinovlar muvaffaqiyatiga bogʻliq.