Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-mart kuni “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar hamda chiqindilarni boshqarishni takomillashtirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Bu yil bahorda “Yashil makon” loyihasi doirasida 125 million tup koʻchat ekilishi moʻljallangan. Hududlarda bogʻlar yaratish, yoʻl boʻylarida 10 qatordan daraxtlar ekish boʻyicha ishlar boshlangan. Bu Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.
Lekin aksariyat viloyat va tumanlarda daraxt ekadigan joylar haligacha belgilanmagan, sugʻorish va koʻchatga pul ajratilmagan.
Shu bois kecha Vazirlar Mahkamasida bu masala tanqidiy koʻrib chiqilib, viloyat hokimlarining sohaga masʼul oʻrinbosarlari, tuman hokimlari va ularning oʻrinbosarlari, tizim tashkilotlari rahbarlaridan 28 nafariga intizomiy jazo qoʻllangani qayd etildi.
Bu boradagi ishlar koʻlami vazirliklar kesimida ham turlicha. Masalan, Mudofaa vazirligi 100 gektar, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi 65 gektardan bogʻ yaratgan. Lekin energetika va transport vazirliklariga ajratilgan yerlarda koʻchat toʻliq ekilmagan. Avtomobil va temir yoʻl boʻylari, daryo va kanal yoqalari, sanoat korxonalari va yoqilgʻi quyish shoxobchalari atrofida ham qancha joylar boʻsh yotibdi.
Umuman, daraxt ekishni ommalashtirish boʻyicha tashabbus va targʻibot yetishmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Bu borada davlat tashkilotlari bilan birga mahalliy kengashlar, Ekopartiya va boshqa uyushmalar, mahallalar – hamma birdam boʻlib harakat qilsa, juda koʻp bogʻlar yaratilishi taʼkidlandi.
Yigʻilishda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi galdagi vazifalar, yangi tashabbuslar muhokama qilindi.
Yurtimizda daraxt ekib, yashillik yaratishni xohlovchilar koʻp. Lekin koʻp qavatli uyda yashaydigan odamlarda yer yoʻq. Bu borada Janubiy Koreya tajribasi asosida Toshkent viloyatida yaxshi tashabbus boshlangan. Unga koʻra, tumanlar hududidan yer ajratilib, 30-yil muddatga obodonlashtirish boshqarmalariga beriladi. Mahalliy byudjet hisobidan tomchilatib sugʻorish tizimi joriy qilinib, yer tayyor holga keltirilib, daraxt ekish istagi bor aholiga taklif etiladi. Har bir koʻchat uni ekkan odam nomiga tamgʻalanadi. Daraxtlarni parvarishlash uchun obodonlashtirish boshqarmasi xodimi biriktiriladi.
Davlatimiz rahbari bu tajribani barcha viloyatlarda amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Mamlakatimizda 9 ming 452 ta mahalla bor. Jumladan, shaharlarda 39 mingta koʻp qavatli uy mavjud. Mahalla faollari, boshqaruv servis kompaniyalari ushbu hududlarda koʻchatlar ekilishiga bosh-qosh boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.
Yoʻllar va kanallar boʻyidagi yerlarni talabgorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida 10-yilga berib, 5 qatordan koʻchat ektirish tizimi joriy qilingan. Bundan foydalanib, hozirgi mavsumda ham koʻplab daraxtzorlarga zamin yaratish mumkin.
Yashil hududlarni koʻpaytirish boʻyicha Toshkent shahrida ham yaxshi tajriba qoʻllanmoqda. Yaʼni, shaharsozlik kengashi yangi qurilishlar maydonining kamida 30 foiziga daraxt ekish majburiyatini qoʻyib, koʻchat navigacha belgilab berayapti. Obyekt bu shart bajarilgandan keyingina foydalanishga qabul qilinayapti.
Qurilish vazirligiga bu tartibni barcha hududlarda ommalashtirib, shaharsozlik normalari va litsenziya talablariga daraxt ekish majburiyatini kiritish topshirildi.
Xususan, bu yil topshiriladigan 2,5 mingta koʻp qavatli uylar hududining 30 foizida, 38 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarining har birida kamida 1 gektardan yashil xiyobonlar tashkil qilinishi belgilandi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligiga joylarda 444 ta yashil bogʻ va 160 ta jamoat parklari tashkil qilish, “Mening bogʻim” loyihasini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Mutasaddilar dala chetlarida, yirik korxonalar va sanoat zonalari atrofida yashil hududlar tashkil qilish rejalari boʻyicha axborot berdi.
Ijtimoiy muassasalarga koʻchatlarni bepul yetkazib berish amaliyoti bu yil ham davom ettirilib, ularga jami 4 milliondan ziyod koʻchat tarqatilishi aytildi.
Yigʻilishda chiqindilar bilan ishlash tizimini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, endi hududlarda obodonlashtirish, tozalikni taʼminlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim boʻladi. Har bir viloyatdagi 2 tadan tumanda 1-maydan boshlab, tajriba tarzida obodonlashtirish boshqarmalari vazifalari xususiy sheriklik asosida chiqindi korxonalariga oʻtkaziladi.
Bunda tadbirkorlar oʻziga biriktirilgan hududda daraxt va gullar ekish, ularni parvarishlash, ariqlarni tozalash, koʻchalarni yoritish bilan birga, chiqindilarni olib ketish bilan ham shugʻullanadi. Obodonlashtirish boʻlimlariga har yili byudjetdan ajratiladigan mablagʻlar ham endi ularga yoʻnaltiriladi.
Ushbu tajriba oʻzini oqlasa, 2025-yildan barcha tuman va shaharlarda yoʻlga qoʻyiladi.
Toshkent shahri uchun alohida tizim boʻladi. Poytaxt tumanlaridagi obodonlashtirish boshqarmalarining koʻchalarni tozalash, koʻkalamzorlashtirish, yoʻllarga xizmat koʻrsatish vazifalari 15-apreldan auksion orqali xususiy sheriklarga beriladi.
Chiqindi poligonlarini tartibga keltirish va chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha ham yangi tizim boʻladi. Har bir viloyatda joylashuvi qulay boʻlgan 3-4 tadan poligon maxsus eko-sanoat zonasiga aylantirilib, qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi. Qolganlarida chiqindini vaqtincha toʻplab, qayta yuklaydigan stansiyalar ishga tushadi.
Resursini oʻtab boʻlgan poligonlar yopiladi. Ularning atrofida terak, tut, gujum, zarang ekib, yashil belbogʻ barpo qilinadi.
Chiqindilarni olib ketish xizmati yaxshi boʻlishi uchun toʻlov intizomi ham kerak. Shu bois bu borada ham yangi tartib joriy qilinadi. Unga koʻra, “mahalla yettiligi”ga hududida aslida koʻrsatilmagan xizmat boʻyicha noreal qarzni hisobga olmaslik vakolati beriladi. Bu orqali xizmat koʻrsatilmagan hudud uchun ham debitor qarzdorlik yozib qoʻyishdek adolatsiz amaliyotga chek qoʻyiladi.
Koʻp qavatli uylarda aholini chiqindini saralagan holda tashlashga ragʻbatlantiradigan tizim joriy etiladi. Buning uchun Ekologiya jamgʻarmasi hisobidan maxsus chiqindi qoplari bepul beriladi, aholi chiqindini belgilangan toifaga ajratib, shoxobchaga olib boradi. Tadbirkorlar esa qayta ishlanadigan foydali chiqindini aholidan sotib oladi.
Ushbu tizim birinchi bosqichda Toshkent, Andijon, Buxoro, Termiz, Angren shaharlari va Toshkent tumanida yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.