Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tadqiqotchilari tomonidan 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlar natijasi o‘rganildi.
2017-yildan buyon O‘zbekistonda xorijiy investisiyalarni jalb qilishni jadallashtirish va buning uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan 23 ta yirik chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, yangi tahrirdagi «Investisiya va investisiya faoliyati to‘g‘risida»gi, «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi hamda valyuta operatsiyalari bo‘yicha yangi qoidalar amaliyotga joriy etildi.
Investorlarning faoliyatini kengaytirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan siyosat natijasida 2024-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, respublikada jami 21 ta maxsus iqtisodiy zona, 328 ta kichik sanoat zonasi, 23 ta texnopark faoliyat yuritmoqda.
Xorijiy investisiyalarni qo‘llab-quvvatlash va islohotlarni jadal davom ettirish maqsadida «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida bir qator maqsadlar belgilab olingan. Jumladan:
– 110 mlrd. AQSH dollari miqdorida xorijiy investisiyalarni jalb qilish;
– pay va venchur jamg‘armalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali portfel investisiyalar hajmini 2 barobarga oshirish;
– chet ellik nominal saqlovchilar hamda kastodian banklarning mahalliy kapital bozorida qatnashishi uchun infratuzilmani yaratish;
– barcha iqtisodiy zonalarda zarur infratuzilmadan (yo‘l, elektr energiyasi, suv va oqova tizimi) uzluksiz foydalanish imkoniyatlarini yaratish.