Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda vazirliklar mas’ul xodimlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyurdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi BAA Davlat inson resurslari federal idorasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekiston davlat xizmatchilarining Dubay shahridagi navbatdagi stajirovka dasturi ishlab chiqildi.
Dastur davomida davlat xizmatchilari BAA davlat boshqaruvidagi ilg‘or tajribani o‘rganib, ularni joriy etish yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqadi.
BAA hukumatining inson resurslari bo‘yicha strategiyasi, kadrlar va iqtidorlilar zaxirasini yuritish tizimi, inson resurslarini boshqarish bo‘yicha Bayanati tizimi bilan tanishadi.
Shuningdek, davlat tashkilotlarida inson resurslarini boshqarish bo‘linmalarining yetuklik indeksini aniqlash metodologiyasini o‘rganadi va uni O‘zbekistonda qo‘llash yuzasidan yo‘l xaritasini ishlab chiqadi.