Vazirlar Mahkamasining joriy yil 25-martdagi «Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq, respublika hududida joylashgan binolar devorlarida ishlangan mozaika kompozitsiyalari Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxatiga kiritiladi.
Qarorda reyestrni toʻldirishdan koʻzlangan maqsad mozaika, panno va tasviriy sanʼat asarlarini har tomonlama oʻrganish, asrab-avaylash va ulardan oqilona foydalanish, shuningdek, ularning mamlakat turizm salohiyatini rivojlantirishdagi rolini oshirishdan iborat.
Roʻyxatdagi mozaikalar davlat kadastriga kiritiladi. Obyektlarning kadastr hujjatlariga ularning madaniy qiymati borligi toʻgʻrisidagi yozuv qoʻshiladi.
Bundan buyon roʻyxatga kiritilgan obyektlar mavjud binolarda, ularning muhofaza tegralari va tutash hududlarida rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan bogʻliq har qanday faoliyat turi Madaniy meros agentligi bilan kelishilishi kerak.
Roʻyxatga kiritilgan mozaikalarning aksariyati Toshkentda joylashgan. Shuningdek, unda Nukus, Urganch, Xiva, Samarqand, Namangan, Andijon, Jizzax, Qoʻqon, Angren, Guliston va bir qancha tumanlardagi mozaikalar mavjud.
Jamoatchilik va faollar koʻp yillar davomida binolardagi mozaikalarni saqlab qolish uchun kurashib kelmoqda. Birgina Toshkent shahrida soʻnggi yillarda taʼmirlash ishlari davomida turar-joy binolaridagi koʻplab mozaikalar boʻyalgan. Koʻp qavatli binolardagi koʻplab mozaikalar ulkan reklama bannerlari bilan qoplangan.
Madaniy meros agentligi Kadastr agentligi va hokimliklar bilan ushbu obyektlarni belgilangan tartibda davlat kadastri roʻyxatiga kiritish choralarini koʻradi.
Bu roʻyxatga kiritilgan obyektlar mavjud boʻlgan turar joy va noturar joylardagi, ularning muhofaza tegralari va tutash hududlarida rejalashtirilgan qurilish ishlari bilan bogʻliq boʻlgan har qanday faoliyat turi Madaniy meros agentligining xulosasi olingandan soʻng amalga oshiriladi.
Ushbu obyektlar madaniy qiymatga egaligi toʻgʻrisidagi yozuvlar kadastr hujjatiga kiritiladi.