Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Mamlakatimizning ushbu nufuzli xalqaro tashkilot bilan hamkorligini yana-da kengaytirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, inson huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni taʼminlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarda amaliy va konstruktiv muloqotni davom ettirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, PI bilan birgalikda o‘tkaziladigan tadbirlar, xususan 2025 yil yurtimizda bo‘lib o‘tadigan 150-yubiley Assambleyaga tayyorgarlik ko‘rish va uning doirasidagi tadbirlarni o‘tkazishning tashkiliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Martin Chungong taʼkidlaganidek, bo‘lajak Assambleyaning asosiy mavzusi O‘zbekiston tomonining ustuvor yo‘nalishlari va takliflaridan kelib chiqib belgilanadi.
— Toshkent sammiti nafaqat PI, balki butun jahon parlament harakati uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Uning doirasida qabul qilingan qarorlar tashkilotimizning o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilaydi — dedi, Martin Chungong.
Muloqot chog‘ida joriy yilning may oyida Samarqandda o‘tkaziladigan Osiyo xotin-qizlar forumi dasturidan maxsus parlament segmenti o‘rin olgani taʼkidlanib, uni muvaffaqiyatli o‘tkazilishida PIning ko‘magiga umid bildirildi.