Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari 2017-2023 yillarda O‘zbekistonda pul-kredit va bank tizimida ro‘y bergan o‘zgarishlarni tahlil qildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 2017-2023 yillar oralig‘ida tijorat banklaridagi jami depozitlar qoldig‘ida o‘sish kuzatilgan. Xususan, tijorat banklaridagi jami depozitlar qoldig‘i 2017-yilda 59,6 trln. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib bu ko‘rsatkich 4,1 barobar ortib, 241,7 trln. so‘mga yetdi. Bu davr mobaynida chet el valyutasidagi depozitlar qoldig‘i 3,5 mlrd. AQSH dollaridan 5,8 mlrd. AQSH dollarigacha (1,6 barobar) oshdi.
O‘rganilgan davrda tijorat banklari jami kreditlari qoldig‘i ham sezilarli o‘sdi. Ushbu ko‘rsatkich 2017-yilda 110,6 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib 471,4 trln. so‘mga yetdi (4,3 barobarlik o‘sish). Xususan, aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 6,5 barobar, iste’mol kreditlari 26,7 barobar va tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun ajratilgan kreditlar hajmi 3,7 barobar ko‘paydi. Shuningdek, 2017-2023 yillar oralig‘ida chet el valyutasida ajratilgan kreditlar qoldig‘i 8,5 mlrd. AQSH dollaridan 17,2 mlrd. AQSH dollarigacha (2,0 barobar) oshdi.
Pul-kredit siyosatini olib borishda inflyasion targetlash siyosatiga o‘tilishi iqtisodiyotda pul massasini samarali boshqarish imkonini berdi. 2017-2023 yillarda keng ma’nodagi pul massasi (M2) hajmi 73,2 trln. so‘mdan 212,1 trln. so‘mgacha (2,9 barobar) oshgan bo‘lsada, uning mamlakat yalpi ichki mahsulotiga (YAIM) nisbati 23,1 foizdan 19,9 foizgacha pasaydi.
2017-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davrda bank tizimi orqali mijozlarga xizmat ko‘rsatish hajmi ortdi. Xususan, muomalaga chiqarilgan bank plastik kartalari soni 2017-yilda 19 225,7 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 2,4 barobarga ortib, 46 205,9 mingtaga yetdi. Shuningdek, o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 235,7 mingtadan 429,3 mingtaga (1,8 barobar), o‘rnatilgan bankomat va infokioskalar soni 5,6 mingtadan 26,6 mingtaga (4,8 barobar), masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchilar soni 4 453,2 mingtadan 42 760,0 mingtaga yetdi (9,6 barobar). Mazkur davrda to‘lov terminallari orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi esa 53,0 trln. so‘mdan 254,7 trln. so‘mga (4,8 barobar) oshdi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida pul-kredit tizimida islohotlarni jadallashtirish maqsadida zarur chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan:
➖ bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 40 mlrd. AQSH dollarga yetkazish, bank omonatlari hajmini 4 barobarga oshirish;
➖ banklarni xususiylashtirish va davlat ixtiyorida 3-4 ta bankni saqlab qolish, bank bozoriga kamida 4 ta yirik nufuzli chet el bankini jalb qilish;