Samarqand tumanida joylashgan «Navobod Naslli Parranda» fermer xoʻjaligi tomonidan shu paytga qadar Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Rossiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Birlashgan Arab Amirligi davlatlariga tuxum eksport qilib kelinayotgan edi.
Joriy yilning fevral oyidan boshlab Xitoyga parranda panjalari eksporti ham yoʻlga qoʻyildi.
— Xitoy tomoni vakillari bir yarim yil davomida korxonamizdagi ish jarayonlari, parvarishlash, mahsulot yetishtirish sharoitlarini oʻrgandi, — deydi xoʻjalik rahbari Haydar Oʻroqov. — Va nihoyat, respublikadagi 62 ta talabgor korxona ichida aynan bizning «Navobod Naslli Parranda» fermer xoʻjaligi xitoyliklar bilan shartnoma tuzishga erishdi.
Bugungi kunda 1280 nafar xodim ishlaydigan ushbu fermer xoʻjaligida jami 550 ming parranda boʻlib, shundan 417 ming goʻsht yoʻnalishida, 133 ming bosh naslli tuxum yoʻnalishidagi parrandalar parvarish qilinadi. Ulardan 2 ming 500 tonna goʻsht ishlab chiqarilib, 133 ming bosh naslli tovuqlardan 34 million dona naslli tuxum olinadi. Xoʻjalikdagi 200 ming dona quvvatga ega 10 ta inkubatsion sexlarda goʻsht yoʻnalishidagi joʻjalar ochiriladi.