“Oʻzbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida”gi Prezident Qarori (PQ-132-son, 18.03.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, investitsiya shartnomasiga quyidagi masalalarni qoʻshish boʻyicha Investor bilan muzokaralar olib boriladi:
— Investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshirish;
— Investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida ishlab chiqariladigan elektromobil va gibrid avtomobillarning mahalliylashtirish darajasini 60 foizgacha yetkazish;
— mahalliy aholi uchun 10 000 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish;
— ishlab chiqarilgan elektromobil va gibrid avtomobillarni Qoʻshma korxona tomonidan belgilangan eksport davlatlaridan tashqari doimiy ravishda eksport qilinadigan davlatlar roʻyxatini kengaytirish;
— sifatli va xavfsiz elektromobil va gibrid avtomobillarni xarid qilish, ularning mahalliy iqlim sharoitlariga muvofiqligini taʼminlash hamda kafolatli servis xizmatini koʻrsatish boʻyicha isteʼmolchilarning manfaatlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqish;
— barcha avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shu jumladan Investorga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni berishda teng shartlar va sharoitlarni yaratish.