Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onada “Tashabbusli byudjet”ga ovoz yig‘ayotgan fuqaroni ichki ishlar xodimlari olib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat IIB holatga izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 18 mart kuni fuqaro Sh.Q. tanishlari bilan O‘zbekiston tumani Yaypan bozori oldida, yo‘lning qatnov qismida avtomashinalarga xalaqit berib, odamlarni atrofiga to‘plab, “Tashabbusli byudjet”ga ovoz yig‘ayotgan paytda shu yerdagi fuqaroning telefoni yerga tushib ketgani uchun o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan.
Shu sababli IIO xodimlari u yerga yetib borgan. Xodimlar kelishmovchilikni bartaraf qilib, fuqaro Sh.Q.ga yo‘l chetida turib, faoliyatini davom ettirishi tushuntirganda, u xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro Sh.Q.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasiga asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, sud organiga taqdim qilingan. Sud fuqaro Sh.Q.ga nisbatan ba’zaviy hisoblashning to‘rt baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.