Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar oʻlimini baholash boʻyicha idoralararo guruhi (UN IGME) tomonidan eʼlon qilingan soʻnggi hisobotga koʻra, besh yoshga toʻlmasdan vafot etgan bolalar soni 2022-yilda tarixiy minimal darajaga tushib, 4,9 millionni tashkil qildi.
“Ushbu raqamlar ortida onalarga xavfsiz tugʻish, bolalarni emlash va ogʻir kasalliklardan asrashda yordam berayotgan doya va tibbiyot xodimlari, shuningdek ularning salomatligi va toʻgʻri ovqatlanishini tashkil qilish uchun oilalarga tashrif buyurayotgan tibbiyot xodimlarining xizmati bor”, — deb taʼkidladi YUNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.
Hisobotda aytilishicha, bugungi kunda har qachongidan ham koʻproq bolalar omon qolmoqda va dunyo boʻyicha 5 yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimi darajasi 2000-yildagi koʻrsatkichlarga qaraganda 51 foizga kamaygan. Bir qancha past va oʻrta daromadli mamlakatlarda ham bu koʻrsatkichning pasayishi kuzatilgan boʻlib, bu birlamchi tibbiy-sanitariya yordamiga, shu jumladan, bolalar salomatligi va farovonligi uchun mablagʻlar ajratilsa, natijalar yaxshilanishi mumkinligini koʻrsatmoqda.
Misol uchun, natijalar shuni koʻrsatadiki, 2000-yildan beri Kambodja, Malavi, Moʻgʻuliston va Ruanda mamlakatlarida besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimini 75 foizdan ortiqqa qisqartirishga muvaffaq boʻlishgan.
— Erishilgan natijaga qaramay, millionlab oilalar hali ham har yili, koʻpincha tugʻilgandan keyingi birinchi kunlarda fojiali boʻlgan farzand dogʻiga duch kelishmoqda, — dedi JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus. — Bolalarning qayerda tugʻilishi ularning yashash yoki oʻlishini belgilamasligi kerak. Har bir ayol va bolaning, jumladan, favqulodda vaziyatlarda va chekka hududlarda ham sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash muhim ahamiyat kasb etadi.
“Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, agar jamiyatda bolalarning omon qolish choralari ularga koʻproq muhtoj boʻlgan qatlamlarni qamrab olsa, xavf yuqori boʻlgan mamlakatlarda ham bolalar oʻlimi sezilarli darajada kamayishiga erishish mumkin.
Bunday chora-tadbirlarning bittasi ham millionlab bolalarning hayotini saqlab qolishi va tibbiy yordamni ular yashaydigan joyga yaqinlashtirishi mumkin. Bolalar salomatligi va omon qolishini yaxshilash bolalar kasalliklarini, ayniqsa, postneonatal oʻlimning asosiy sabablari, oʻtkir respirator infeksiyalari, diareya va bezgakni kompleks davolashni talab etadi”, — deyiladi hisobotda.