Prezident Shavkat Mirziyoyev Sayxunobod tumani Ittifoq mahallasida boʻlib, tomorqa va uy xoʻjaliklaridagi omilkorlik bilan tanishdi.
Mamlakatimizda dolzarb masalalardan biri – bandlik. Iqtisodiy islohotlar yoki hududiy dasturlar boʻlsin, barchasining zamirida ish oʻrinlari ochish, aholi hayotini yaxshilash maqsadi mujassam.
Bularning natijasida soʻnggi yillarda 2 million 400 ming aholi oʻzini oʻzi band qildi. Qariyb 2 million odam kambagʻallikdan chiqarildi. «20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 455 ming aholining badligini taʼminlash boʻyicha shartnomalar imzolandi. Mahallabay asosda 51 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 206 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Ishsiz fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazlarida zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarga oʻqitilmoqda.
Joriy yilgi davlat dasturida 5 million aholining bandligini taʼminlash belgilangan. Shundan 2 milliondan ziyodi qishloq xoʻjaligi va tomorqachilik sohasiga toʻgʻri keladi.
Shu yil 7-mart kuni davlat rahbari huzurida oʻtgan yigʻilishda mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, oilalarga daromad manbai yaratish tizimi muhokama qilingan edi. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyat tomorqadan foydalanish ekani taʼkidlandi.
Prezidentimiz har doim mamlakat miqyosidagi dasturlarni, xayrli ishlarni eng ogʻir tumanlardan boshlash kerakligini aytadi. Bundan maqsad, avvalo, oʻsha yerdagi sharoitni yaxshilab, odamlarning ogʻirini yengil qilish hamda, shuning barobarida, bunday tumanlarda nimalar qilish mumkinligini amalda koʻrsatishdir.
Sayxunobod tumani ham ana shunday ogʻir hududlardan biri. Mahalliy byudjet xarajatining 60 foizi yuqori turuvchi byudjetdan hal boʻlayapti. Sababi tadbirkorlik oʻsmayapti. Tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor. Kambagʻallik darajasi ham yurtimizdagi oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori.
Tumanidagi Ittifoq mahallasida 6 ming 672 nafar aholi yashaydi. Uchta maktab, uchta bolalar bogʻchasi, poliklinika, oʻnlab tadbirkorlik va fermer xoʻjaliklari faoliyat yuritmoqda. Lekin bu bandlikni toʻliq taʼminlash uchun yetarli emas. Mehnatga layoqatli 100 kishi ishsiz. Xorijda ishlayotganlar, nogironligi boʻlgan fuqarolar ham bor. Oʻtgan yili aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun 140 ta loyihaga kredit berilgan. 137 kishiga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yer ajratilgan.
Aslida, tuman aholisiga qoʻshimcha yer ajratish shart emas. Chunki Sayxunobod tomorqalar 20 sotix atrofida boʻlgan 26 ta tumandan biri. Shundan ham toʻla foydalanilmayapti. Asosiy ekinlar beda bilan makka boʻlib qolgan.
Jumladan, Ittifoq mahallasida umumiy tomorqa maydoni 185 gektar. Tumandan Sirdaryo oqib oʻtgani uchun suv ham yaxshi. Lekin sarxil mahsulotlar yetishtirib, roʻzgʻorga baraka kiritish sust. Xususan, Fargʻona vodiysi viloyatlarida 6 sotix tomorqadan olinayotgan daromad bu yerdagi katta tomorqalar mahsuldorligidan bir necha barobar koʻp.
Shu bois Sayxunobod tomorqa va uy xoʻjaliklaridagi imkoniyatlarni toʻliq ishga solish boʻyicha namunaga aylantirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-martda qabul qilingan “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida katta imkoniyatlar belgilandi. Jumladan, 2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish, aholining bu sohadagi bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy oʻquv-tajriba maydonlari tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
Shunday namunaviy tomorqalar Ittifoq mahallasida ham tashkil etildi. Davlatimiz rahbari ushbu xonadonlarni kirib koʻrdi.
Masalan, Risolat Gʻulomova xonadonining 14 sotix tomorqasida shu paytgacha tomorqada sabzi, sarimsoq piyoz ekilib, yerning oʻttiz foiz imkoniyatidan foydalanilgan.
Hokimlik va mutasaddi tashkilotlar koʻmagida tomorqaga olma va tok koʻchatlari, ularning orasiga turli koʻkatlar ekildi. Bunga qoʻshimcha tovuq, quyon, asalari va sogʻin sigir boqish yoʻlga qoʻyildi.
Bugun yurtimizda yoqilgʻisiz isiydigan issiqxonalar barpo qilish ommalashib borayapti. Davlatimiz rahbari bu tajribani maʼqullab, ularni koʻpaytirish, dehqonlarga tayyor holda qurib berish zarurligini aytgan edi. Risolat aya xonadoniga ham ikki sotixli issiqxona qurib berildi. Unga 30 tup limon, qator oralarida esa pomidor va qulupnay ekildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda tomorqa egalari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.
— Xalqimiz oʻz hayotida sezishi uchun hamma ishlarni mahallada tashkil qilayapmiz. Endi davlat idoralarining butun imkoniyatlarini har bir koʻchaga, xonadonga olib kiramiz. Masalan, mahallaga biriktirilgan bank mablagʻ berish bilan birga odamlarning dunyoqarashini ham oʻzgartiradi. Maqsadimiz xalqning daromadini oshirish, boy qilish. Albatta, oson boʻlmaydi. Bu mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanish, yangi-yangi gʻoyalar degani. Lekin bajarsa boʻladi. Mezon bitta — iqtisodiy kompleks xalqning dardi bilan yashaydi, — dedi Prezident.
Mahalla faollari aholi, umuman, sayxunobodliklar tomorqadan bunday keng foydalanishga katta qiziqish bildirayotganini aytishdi. Mutasaddilar bu tajribani kengaytirishga, tomorqa egalariga koʻmaklashib, mahallalarni ishsizlikdan xoli qilishga vaʼda berdi.
Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berdi. Shu bilan davlatimiz rahbari tashrifni yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.