“O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev Turkiyaning “Layki” kompaniyasi rahbari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda turk brendi va O‘zbekiston korxonalari hamkorligida “Layki” brendi ostida poyabzal mahsulotlari, poyabzal tagliklari, yelim xomashyosini ishlab chiqarishga qaratilgan loyihani amalga oshirishning istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiya va “Xalq banki” ATB vakillari ham ishtirok etib, loyihani amalga oshirishning tashkiliy va amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, “Layki” brendiga 1989-yilda kichik ustaxonada asos solingan. Kompaniya bugungi kunda Turkiya poyabzal va to‘qimachilik bozorining yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.
Xorijiy investor mazkur investitsiya loyihasini Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida tashkil etilayotgan charm-poyabzal va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasida amalga oshirish maqsadini bildirib o‘tdi. Loyihani amalga oshirish uchun investor 1 million dollar miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoya kiritadi.
Turkiyalik investorlarga mamlakatimiz charm sanoati tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarga ajratilgan qator imtiyozlar, preferensiyalar haqida ma’lumot taqdim etildi.
Ohangaronda tashkil etilgan KSZdagi yer maydonining onlayn savdolarida ishtirok etish bo‘yicha tashkiliy masalalar yuzasidan xorijiy kompaniyaga tushuntirish va axborot berildi. Xorijiy investorga yer maydonini ajratish bo‘yicha tegishli tartibda ishlarni amalga oshirish yuzasidan uyushma tomonidan amaliy harakatlar boshlandi.