Ozarbayjon Armaniston tomonidan bosib olingan 4 qishloqni zudlik bilan qaytarishni talab qildi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh vaziri o‘rinbosari, Ozarbayjon-Armaniston chegarasini belgilash komissiyasi hamraisi Shahin Mustafoyevning matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hozirgacha Ozarbayjon-Armaniston chegarasini belgilash komissiyasi doirasida tomonlar 7 marta uchrashgan. Hozirgi bosqichda chegarani belgilash bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani yaratish ishlari olib borilmoqda.
“So‘nggi paytlarda Armaniston ommaviy axborot vositalarida Ozarbayjon tomonidan Armanistonning 31 qishlog‘i bosib olingani haqida yolg‘on xabarlar e’lon qilindi. Chegaralarni belgilashdan oldin Armanistonga tegishli yerlar “bosib olingan” deb aytish mutlaqo asossizdir”, deyiladi bayonotda.
Hujjatda 4 qishloq (Baganis-Ayrim, Quyi Eskipara, Geyrimli va Qizilxajili) Armaniston ishg‘oli ostida bo‘lib, ular hech qanday eksklav emasligi, shubhasiz Ozarbayjonga tegishli ekani va zudlik bilan qaytarilishi kerakligi ta’kidlangan. Bildirilishicha, Armaniston tomonidan bosib olingan 4 ta eksklav qishlog‘ining (Yuqori Eskipara, Sofulu, Berhudarli va Kerki) qaytarilishi masalasi esa chegaralarni belgilash jarayoni doirasida hal qilinadi.
Ma’lumot uchun, 1-Qorabog‘ urushida Armaniston G‘azax viloyatining 7 ta qishlog‘i va Naxichevanning 1 qishlog‘ini, Qorabog‘ va qo‘shni viloyatlarni bosib oldi. 2-Qorabog‘ urushi davrida Qorabog‘ va unga qo‘shni viloyatlar ishg‘oldan ozod qilingan, 4 tasi eksklav bo‘lgan jami 8 ta qishloq Armaniston nazorati ostida qolgan.