O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, hayotimiz quvonchi, fayzu farishtasi bo‘lgan muhtarama onaxonlar, hurmatli opa-singillar, dilbar qizlarim!
Bugun siz, azizlar bilan mana shunday tantanali anjumanda uchrashib, barchangizni, sizlarning timsolingizda butun mamlakatimiz ayollarini Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbdan qutlash men uchun ulkan sharaf va saodatdir.
Barcha-barchangizga samimiy mehrim va cheksiz hurmatimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
O‘zlaringiz kabi go‘zal bayramingiz muborak bo‘lsin!
Muhtaram vatandoshlar!
Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, moʻtabar ayol zotiga ta’zim qilamiz. Zero, inson qadrini ulug‘lash avvalo azizu mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi.
Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy bobomizning, jannat bog‘idan bahramandlik istar ekansan, avvalo, munis onani rozi aylagin, degan so‘zlarini biz eng ezgu da’vat sifatida qabul qilamiz.
Biz hayotimizning ma’no-mazmuni, butun borlig‘imizni siz, qadrli opa-singillarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz. Sizlar biz uchun hamisha go‘zallik va nazokat, mehr va sadoqat, qanoat va shukronalik timsoli bo‘lib kelgansiz va doimo shunday bo‘lib qolasiz. Mana shunday olijanob fazilatlaringiz bilan bizlarga hamma vaqt kuch-g‘ayrat, hayotga, kelajakka ishonch bag‘ishlab kelayotganingiz uchun siz, azizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.
Hurmatli opa-singillar!
Yurtimizda mehnatkash, olijanob xalqimiz, birinchi navbatda, xotin-qizlarimiz uchun erkin, obod va farovon hayot barpo etish – davlatimiz va jamiyatimizning eng ustuvor vazifasi etib belgilangan. Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, avvalo, milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, opa-singillarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Buning tasdig‘ini birgina misol, ya’ni, saylov kodeksimizda deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi mustahkamlab qo‘yilganida yaqqol ko‘rish mumkin.
Bugun ushbu muhtasham zalda hurmatli deputat va senator ayollarimizni ko‘rib turganimdan xursandman. Mamlakatimizda qonunchilikni mustahkamlash, qabul qilinayotgan qonunlarimizning adolatli va ta’sirchan bo‘lishida ularning ham albatta hissasi katta. Buning uchun xalq vakillari bo‘lgan bu ayollarimizga chin qalbdan minnatdorlik bildiramiz.
Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga yetgani ayniqsa e’tiborlidir. Shu bilan birga, yuzlab oqila ayollar hayotimizning barcha sohalarida jonbozlik bilan faoliyat ko‘rsatayotgani barchamizni quvontiradi.
Bu borada Gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi samarali ish olib borayotganini ta’kidlash lozim.
Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda.
So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. Birgina 2023 yilda 279 mingdan ziyod tadbirkorlik loyihalariga 13 trillion so‘mdan ortiq kredit, qariyb 57 ming nafar xotin-qizga salkam 300 milliard so‘m subsidiya ajratildi. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Eng asosiysi – 400 mingdan ortiq opa-singillarimiz ish bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, xotin-qizlarga ajratilgan 6 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari hisobidan 25 mingdan ziyod oilalar o‘z uyiga ega bo‘ldi. Bu borada 6 ming 200 nafar ayolga uy-joy sharoitini yaxshilash va kreditning boshlang‘ich badalini to‘lash uchun 200 milliard so‘m subsidiya ajratilganini qayd etish lozim.
Shu bilan birga, joylarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida “Ayollar daftari” bo‘yicha 1 trillion 234 milliard so‘m hisobidan qariyb 994 ming nafar xotin-qizning muammosi hal etilgani bu fikrni tasdiqlaydi.
Bu vazifalarni bajarishda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda mahallalardagi xotin-qizlar faollarining ishtiroki kuchayib borayotgani ayniqsa muhimdir. Ular tomonidan “xonadonbay” o‘rganishlar natijasida ijtimoiy yordamga muhtoj 690 mingdan ziyod oilaga manzilli yordam ko‘rsatilgani, 116 mingta notinch oilada muhit sog‘lomlashtirilganini bugun alohida e’tirof etamiz.
Qadrli do‘stlar!
Mamlakatimizda bo‘lg‘usi onalar, kelajak tarbiyachilari bo‘lmish qizlarimiz kamolotiga, ularning oliy ta’lim olishi, zamonaviy kasb-hunar va texnologiyalar, xorijiy tillarni egallashiga katta ahamiyat berilmoqda.
Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pi – e’tibor bering, yarmidan ko‘pi, ya’ni, 653 ming nafardan ziyodini qizlar tashkil etmoqda. Magistraturada o‘qiyotgan yoshlarimiz orasida qizlarning ulushi yanada ko‘p, ya’ni, salkam 14 ming nafarni tashkil etmoqda. Bu – jami magistrantlarning qariyb 60 foizi degani.
Joriy o‘quv yilida ehtiyojmand oilalarga mansub 1 ming 914 nafar xotin-qiz oliygohlarga qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilindi. 181 ming 500 nafardan ortiq qizlarimiz uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning vakillari, yetim qolgan yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 2 mingdan ziyod talaba uchun 14 milliard 500 million so‘m kontrakt puli mahalliy byudjetlar hisobidan qoplab berildi. So‘nggi yillarda davlat oliygohlarining magistratura bo‘limida o‘qiyotgan xotin-qizlarning kontrakt pullari byudjetdan to‘lanmoqda.
Eng muhimi, qizlarimiz o‘rtasida zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga qiziqish tobora ortib bormoqda. Masalan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olgan yoshlarning 47 foizi, ya’ni qariyb yarmini qizlar tashkil etgan.
Keyingi paytda yurtimizda ilm-fan va ta’lim, xususan, oliy ta’lim sohasi isloh etilib, jahon standartlariga moslashtirilayotgani sababli xotin-qizlar bu yo‘nalishda ham katta natijalarga erishmoqdalar. Buning amaliy ifodasini so‘nggi yetti yilda 5 ming 247 nafar ayollarimiz fan doktori (DSc) va o‘z sohalari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgani misolida ko‘rish mumkin. Birgina 2023 yilning o‘zida 147 nafar xotin-qiz fan doktori, 1 ming 238 nafari esa falsafa doktori ilmiy darajasiga erishgani barchamizni mamnun etadi.
Hozirgi kunda ilm-fan sohasida jami 5 mingga yaqin olima ayollarimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliygohlarda esa 14 mingdan ziyod opa-singillarimiz pedagogika va ilmiy tadqiqot yo‘nalishida ish olib bormoqda.
Bu raqamlar nimadan dalolat beradi?
Bu avvalo qizlarimiz, opa-singillarimizning intellektual salohiyati naqadar balandligidan, agar tegishli sharoit va imkoniyat yaratib bersak, ular har qanday yuksak marrani zabt etishga qodirligidan dalolat beradi.
Albatta, oila yumushlari, farzand tarbiyasi bilan birga, turli soha va tarmoqlarda fidokorona xizmat qilayotgan opa-singillarimizning mehnatini munosib qadrlash doimo davlatimiz e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Mustaqillik yillarida 17 nafar hurmatli ayollarimiz “O‘zbekiston Qahramoni” degan oliy unvonga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, ularning 7 nafari fan, ta’lim va san’at sohasi vakillari ekanini alohida ta’kidlash lozim. 11 nafar ayol fan sohasidagi eng yuksak darajaga, ya’ni akademik unvoniga sazovor bo‘lgani, minglab xotin-qizlarimiz davlatimizning faxriy unvon, orden va medallari bilan taqdirlanib kelayotgani el-yurtimizning ularga nisbatan yuksak ehtiromi ifodasidir.
Aziz vatandoshlar!
Hammamizga ma’lumki, bugun dunyoda murakkab va og‘ir vaziyat, iqtisodiy inqiroz hukm surmoqda. Tabiiyki, bu holat mamlakatimizga ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Bunday sharoitda ijtimoiy sohalar uchun byudjetdan mablag‘ ajratish albatta oson bo‘layotgani yo‘q. Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz qo‘shimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Opa-singillarimiz salomatligi, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xalqimiz genofondini mustahkamlash inson qadrini ulug‘lashning o‘zak masalasidir. Shu maqsadda 2023 yili 6 million 500 ming nafardan ziyod ayollar tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilib, ularga zarur maslahat va amaliy yordam ko‘rsatildi.
Bu kabi ezgu ishlarimizning davomi sifatida Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili davlat dasturi doirasida xotin-qizlarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularning bandligini ta’minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish vazifalari alohida belgilab qo‘yildi.
Bu borada, mamlakatimizda ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga ko‘tarish, ularning bandligiga ko‘maklashish maqsadida, Senat Raisi T.Norboyeva boshchiligida maxsus komissiya tashkil etiladi. Ushbu komissiya kelgusi yil 8 martga qadar har bir hududda “favqulodda holat” rejimida ishlab, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha ishlarni mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qiladi.
Mazkur komissiyada “Xalq banki” raisining o‘rinbosari G.Rashidova xotin-qizlarning biznes g‘oyalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, Savdo-sanoat palatasi, “Biznesni rivojlantirish banki” va “Mikrokreditbank”da ham ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish bo‘yicha alohida rais o‘rinbosarlari ish boshlaydi. Ana shu rahbarlar har bir viloyat, har bir tuman, har bir mahallada yangi biznes g‘oyalariga ega xotin-qizlarni aniqlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, loyihalarini sifatli ishlab chiqish va amalga oshirishga har tomonlama ko‘mak beradilar.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimlarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda faol ayollar komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 ming 442 ta mahalladagi 580 ming nafarga yaqin ishsiz ayollarning bandligini ta’minlash uchun mas’ul etib belgilanadi.
Bu borada mahallalarda oilaviy tadbirkorlik uchun kreditlarning kamida 40 foizi ayollar taklif etgan loyihalarga yo‘naltiriladi. Shu maqsadda har bir hududda xotin-qizlar uchun hunarmandchilik, tadbirkorlik markazlari va klasterlari tashkil etiladi. Ushbu maskanlarda 205 ming nafar opa-singillarimiz mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlanadi hamda tadbirkorlik asoslariga o‘rgatiladi.
Shuningdek, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 8 ming nafar xotin-qizga o‘z biznesini boshlashi va mehnat qurollarini xarid qilishi uchun subsidiya, 10 ming nafariga esa imtiyozli kreditlar ajratiladi. 50 ming nafar yosh ayollar uchun malakali mutaxassislar ishtirokida “Biznes marafon” loyihasi tashkil etiladi. Ushbu loyiha doirasida yuzlab qobiliyatli qizlarimizga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy yordam beriladi.
Umuman, bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, loyihalarni amalga oshirish uchun 15 trillion so‘m, jumladan, oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 6 trillion so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadagi elchilarimiz ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 100 million dollarlik grantlarni jalb qiladi.
Sog‘liqni saqlash sohasida ham bir qator muhim tadbirlar amalga oshiriladi. Jumladan, murakkab jarrohlik operatsiyasi o‘tkazishga muhtoj 2 ming nafar xotin-qiz davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan davolanadi.
Shu bilan birga, 1 million nafar homilador ayol hamda 1 million 500 ming nafar emizikli ona yod preparati, qariyb 6 million nafar reproduktiv yoshdagi ayollar temir va foliy kislotasi bilan bepul ta’minlanadi.
Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 4 ming nafar xotin-qizlarga uy-joy ajratiladi. Shu toifadagi 3 ming nafar ayol uchun murakkab tibbiy operatsiyalar bepul o‘tkaziladi.
Yurtimizda “Qizlar akademiyasi” platformasi yaratilib, 100 ming nafar opa-singillarimizga moliyaviy, huquqiy, psixologik, reproduktiv bilim berish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunday amaliy ishlarimiz ro‘yxatini yana davom ettirish mumkin.
Qadrli anjuman ishtirokchilari!
Yaqinda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etilganidan xabaringiz bor. Bu esa aholining, birinchi navbatda, xotin-qizlarimiz muammolarini hal etish bo‘yicha yangi imkoniyatlar ochib bermoqda.
Ayniqsa, “Mahalla yettiligi” tarkibidagi xotin-qizlar faollaridan biz katta natijalarni kutib qolamiz. Opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish, kerak bo‘lsa, oilaviy masalalarda ayollarimizning yaqin sirdoshiga aylanish ular uchun birinchi darajali vazifa bo‘lishi lozim.
Dunyoda o‘xshashi bo‘lmagan bunday tizimni joriy etishdan maqsad ham xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini quyi bo‘g‘indan boshlab samarali himoya qilish ekanini siz, azizlar albatta yaxshi tushunasiz. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida tashlangan yangi bir amaliy qadam, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Aziz yurtdoshlar!
Vatanni sevish, unga sadoqat bilan xizmat qilish, el-yurt uchun munosib farzandlar tarbiyalash – bu dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Mehribon va oqila, jonkuyar ayollarimiz bu borada hamisha fidoyilik ko‘rsatib kelmoqdalar.
Ma’lumki, har yili aholimiz soni qariyb 900 ming nafarga ko‘paymoqda. Joriy o‘quv yilida 733 ming nafar farzandlarimiz birinchi sinfga qadam qo‘ydi. Ertaga hayotimizga qudratli to‘lqin bo‘lib kirib keladigan ana shunday navqiron avlodimiz timsolida biz Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz.
Shu bois, o‘g‘il-qizlarimizni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazish barchamizning asosiy burchimizga aylanishi zarur.
Bugungi tahlikali zamonda jahon miqyosida kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik, hayotga yengil-yelpi, iste’molchilik kayfiyati bilan qarash kabi xatarlardan yoshlarimizni himoya qilish o‘ta dolzarb masalaga aylanmoqda.
Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha ayollarga murojaat qilmoqchiman.
Aziz opa-singillar, oilada farzand tarbiyasiga e’tiborni kuchaytiraylik, bog‘cha, maktab va oliygohlarga kirib boraylik.
O‘qituvchi va murabbiylar bilan ko‘proq muloqot qilib, farzand va nabiralarimizning o‘qishi, davomati masalasi, axloq-odobi bilan qiziqaylik.
Bolalarimizni bilimli va aqlli, oqni qoradan ajrata oladigan, el-yurtimizga sodiq, hayoli va iboli, mustahkam irodali insonlar etib tarbiyalash uchun barchamiz birgalikda harakat qilaylik.
Biz ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan g‘oya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim.
Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona o‘z farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”.
Muhtarama opa-singillarimiz, duogo‘y onaxonlarimizning mas’uliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Chindan ham, jondan aziz bolalarimiz hamma havas qiladigan ta’lim va tarbiya olsa, bilasizlarmi, jamiyatimiz, hayotimiz qanday o‘zgaradi?
Hal qiluvchi ahamiyatga ega bu vazifani ado etishda biz avvalo siz, azizlarga ishonamiz va tayanamiz.
Qadrli do‘stlar!
Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha to‘plangan milliy tajriba xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda. Jahon bankining kuni kecha e’lon qilingan indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi.
“Ayollar, biznes va qonun” deb nomlangan ushbu yillik hisobotda dunyoning 190 ta davlatidagi holat 10 ta ko‘rsatkich bo‘yicha baholab boriladi. Yangi indeksda mamlakatimizda mehnat munosabatlari va oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurash sohasida amalga oshirilgan islohotlar muvaffaqiyatli deb topilgan. O‘zbekiston bu borada yaxshi natijaga erishgani e’tirof etilgan.
O‘tgan yili Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro xotin-qizlar forumlarida ham mustaqil tahlilchi va ekspertlar tomonidan ayni shu jihatlarga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas.
Bularning barchasi albatta biz birgalikda qo‘lga kiritgan katta yutuq bo‘lib, bu ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz lozim.
Joriy yilda mamlakatimiz yana bir yirik anjuman – Osiyo xotin-qizlar forumiga mezbonlik qiladi. Mazkur anjuman “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Bu forum gender siyosati, xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish bo‘yicha samarali muloqot maydoni bo‘ladi, deb ishonamiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning hurmatli elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham samimiy qutlaymiz. Ularning mamlakatlari va xalqlariga chin dildan tinchlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.
Hurmatli do‘stlar!
Xabaringiz bor, har yili 8 mart ayyomida turli sohalardagi dastlabki yutuqlari uchun buyuk o‘zbek shoirasi – Zulfiyaxonim nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan iste’dodli qizlarimizni muborakbod etamiz.
Bugungi bayram tadbirimiz ana shu qizlarimiz, ularning ota-onalari, ustozlari uchun, o‘ylaymanki, unutilmas tarixiy voqea bo‘lib qoladi.
Siz, aziz farzandlarimni yuksak mukofot bilan o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tabriklayman. Bunday ulkan e’tirofni kelajakda katta-katta yutuqlar bilan albatta oqlaysizlar, deb ishonaman.
Ayni vaqtda bugungi bayram arafasida mehnat va jamoatchilik faoliyatida muhim natijalarga erishgan, yosh avlod tarbiyasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hurmatli ayollarimizdan katta bir guruhi davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlandilar.
Barchamiz ularni chin qalbdan qutlab, kelgusi ishlariga yangi muvaffaqiyat va omadlar tilaymiz.
Muhtarama opa-singillar!
Siz, azizlarni bugungi bahor va nafosat bayrami bilan yana bir bor tabriklayman.
Barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik, fayzu baraka tilayman.
Har biringizga hamisha oilangiz, farzandu nabiralaringiz, el-yurtimiz ardog‘ida bo‘lish nasib etsin!
Katta rahmat sizlarga!