Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan foydalanish samaradorligini baholadi.
2018-2022 yillarda respublika bo‘yicha umumiy ekin maydonlari 3 396,0 ming gektardan 3 353,3 ming gektarga yoki 1,3 foizga qisqargan.
Bu davrda ko‘p yillik dov-daraxtlar maydoni 432,5 ming gektardan 488,6 ming gektarga yoki 13,0 foizga oshgan.
Bug‘doy va paxta ekin maydonlarini bosqichma-bosqich qisqartirish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilab olindi. 2018-2022 yillarda umumiy ekin maydonlarida bug‘doy va paxta maydonlarining ulushi 73,5 foizdan 69,5 foizga yoki 3,9 foiz punktiga qisqardi.
Shu bilan birga, paxtachilik va g‘allachilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu ekinlar hosildorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
2018-2022 yillarda respublika bo‘yicha paxta hosildorligi gektariga o‘rtacha 21,0 syentnerdan 34,1 syentnerga yoki 62,4 foizga, bug‘doy hosildorligi 41,0 syentnerdan 47,2 syentnerga yoki 15,1 foizga oshdi.
2018-2022 yillarda butun respublika bo‘yicha 1 gektar ekin maydonidan olinadigan o‘rtacha daromad 42,0 million so‘mdan 46,5 million so‘mga ko‘tarildi.
Shu davrda 1 gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromad Farg‘ona (24,5 foiz), Namangan (20,2 foiz), Qashqadaryo (17,8 foiz), Sirdaryo (17,3 foiz) va Surxondaryo (15,8 foiz) viloyatlarida eng ko‘p oshdi.
«O‘zbekiston-2030» Strategiyasida bir gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish belgilangan. Bu maqsadga erishish uchun gektaridan olinadigan o‘rtacha daromadni 2022-yildagiga nisbatan 18,9 foizga oshirish zarur (2022-yilda 4 205 AQSH dollarni tashkil etgandi).