INNO oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida “Xotin-qizlar kubogi” musobaqasi oʻtkazildi

INNO oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida “Xotin-qizlar kubogi” musobaqasi oʻtkazildi

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida gender tengligini taʼminlash, ayollarni Paralimpiya sport turlariga jalb etish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻplab ijobiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, hozirgi paytda Oʻzbekiston Paralimpiya terma jamoalari aʼzolarining 40 foizini ayollar tashkil etadi. Ayniqsa, para yengil atletika, para pauerlifting, para taekvondo, para suzish, para dzyudo kabi sport turlarida oʻzbekistonlik ayollar yuqori oʻrinlarni egallab kelishmoqda.

2021-yil Tokioda boʻlib oʻtgan XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida 10 nafar ayol para sportchi gʻolib va sovrindor boʻldi. Bu esa Oʻzbekiston delegatsiyasi tomonidan qoʻlga kiritilgan jami medallarning 60 foizini tashkil qiladi.

Guljanoy Naimova, Roʻza Qoʻziyeva, Shaxnoza Mirzayeva, Mohigul Hamdamova, Nurxon Qurbonova, Asila Mirzayorova, Sofiya Burxanova kabi ayol para sportchilarning xalqaro arenalarda qoʻlga kiritayotgan yutuqlari Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan ayollarga motivatsiya berib, ularni Paralimpiya sport turlariga jalb etishda naʼmuna boʻlib xizmat qilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yurtimizda nogironligi boʻlgan ayollar oʻrtasida Paralimpiya harakatini yanada ommalashtirish, ularni para sport turlariga keng jalb qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi hamkorligida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan joriy yilning 4-mart kuni poytaxtimizda joylashgan INNO oʻquv-ishlab chiqarish texnoparkida “Xotin-qizlar kubogi” musobaqasi oʻtkazildi. Anʼanaviy tarzda tashkil etilgan turnirda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 100 nafarga yaqin kar va zaif eshituvchi, tayanch harakat aʼzolari shikastlangan va aravachada harakatlanuvchi hamda zaif koʻruvchi va koʻzi ojiz xotin-qizlar sportning para shaxmat hamda para stol tennisi turlari boʻyicha oʻzaro gʻoliblik uchun bahs olib borishdi.

Musobaqa yakunida sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan xotin-qizlar tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom, medal, kubok hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, musobaqada qatnashgan barcha ishtirokchilarga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Shuningdek, ushbu tadbir doirasida “Matonat marafoni” ham oʻtkazildi. Unda oʻz sohalarida yuqori natijalarga erishgan nogironligi boʻlgan xotin-qizlar musobaqa ishtirokchilariga oʻzlarining muvaffaqiyat yoʻllari haqida soʻzlab berishdi.