Bugun, 3-mart kuni erta tongda AQSHga noqonuniy yoʻllar bilan ketgan 74 nafar oʻzbekistonlik Vatanga qaytarildi.
Maʼlum boʻlishicha, ularning koʻpchiligi Meksika orqali AQSHga oʻtishgan. Shuningdek, bir qancha boshqa davlatlar orqali borgan fuqarolar ham bor. Ular AQSH hududiga kirgunicha turli qiyinchiliklarga duch kelishgan.
Ana shunday yoʻllar bilan AQSHga borgan yurtdoshimiz oʻz boshidan oʻtgan qiyinchiliklarini soʻzlab berdi.
— Bagajimni yoʻqotib, toʻsatdan Madridga uchganman. Ushbu shaharda bilet yoʻqolib qolib, 14 kun davomida 400 ta oʻzbek Madridda “xor boʻlgan”. Shu yerdan Turkiyaga deport qilinganmiz, — deydi u. — Keyinchalik Guatemalaga bordik va yana harakat qilib koʻrdik. 2-marta chegaradan qaytarilib, immigratsion joyda 2 sutka yotganman. Venesuela fuqarolari bilan piyoda 3 kun yurganmiz. U yerda ham qochdik, yurdik, oʻliklarni ham hamma narsani koʻrdik. Maslahat bermayman, Amerika shunchaki reklama. 10 ming AQSH dollariga yaqin pulim ketdi. Iyulda uyimdan chiqqan boʻlsam, avgust oyida men ushbu davlatga yetib bordim. Lekin ishlay olmadim. Pul sarflab, sarflab qaytdik. Bormoqchi boʻlganlarga maslahatim bormanglar. Kasallik orttirib qaytasiz. Hammasi yolgʻon.
Eslatib oʻtamiz, 2023-yilning 20-dekabrida ham AQSHga noqonuniy yoʻllar bilan ketgan 119 nafar oʻzbekistonlik vatanga qaytarilgan edi.