Rossiya ommaviy axborot vositalarida Germaniyaning yuqori martabali harbiy xizmatchilari o‘rtasida Qrim ko‘prigiga hujum qilish rejalari muhokama qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Nemis ofetserlari suhbatining yozuvi e’lon qilinishi Germaniya Qurolli Kuchlari (Bundesver) uchun «yoqimsiz syurpriz» bo‘ldi. Bu haqda “Bild” gazetasi xabar berdi.
«Bundesver bu haqiqiy ekanini hali rasman tasdiqlamagan bo‘lsa ham, ko‘p narsa yozuvning haqiqiyligidan dalolat beradi», deb yozadi “Bild”.
Manbaga ko‘ra, Bundesver «zararni kamaytirishga uringan» holda mazkur suhbat yozuvini tarqatgan X akkauntlari Germaniyada bloklangan. Nemis harbiylarining suhbatini kim va qanday yozib olishga muvaffaq bo‘lgani hozircha noma’lum.
“Bild”ning qayd etishicha, suhbat ishtirokchilaridan biri Singapurdagi mehmonxonada bo‘lgan, shuning uchun u himoyalanmagan aloqadan foydalangan bo‘lishi mumkin.
Ma’lumot uchun, gap “Russia Today” bosh muharriri Margarita Simonyan tomonidan kecha, 1 mart kuni VKontakte’da e’lon qilingan suhbat stenogrammasi haqida ketmoqda. Simonyanning yozishicha, 19 fevral kuni Bundesver Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining operatsiyalar va mashqlar bo‘limi boshlig‘i Grefe, Bundesver inspektori Gerxars va Bundesver kosmik qo‘mondonligi havo operatsiyalari markazi xodimlari Fenske va Froshtedte o‘rtasida TAURUS raketalari yordamida Qrim ko‘prigiga zarba berish haqida suhbat bo‘lib o‘tgan.