Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan uning mamlakati Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi muzokaralar uchun platformaga aylanishga tayyorligini bildirdi.
Turkiya yetakchisi shunday taklif bilan Ukraina — Janubi-Sharqiy Yevropa sammiti ishtirokchilariga yoʻllagan videomurojaatida maʼlum qildi.
Erdogʻan Turkiya Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy taklif qilgan tinchlik rejasini “asosan qoʻllab-quvvatlashini” aytdi. Biroq, Turkiya rahbarining soʻzlariga koʻra, Ukrainadagi tinchlik tashabbuslari muvaffaqiyatining zaruriy sharti har ikki tomonning, yaʼni Kiyev va Moskvaning ishtirokidir.
Avvalroq, ikki tomon oʻrtasida muzokaralar Istanbulda boʻlib oʻtgan edi.
“Men diplomatiya va muloqotga adolatli va mustahkam tinchlikka erishish orqali urushni tugatish imkoniyatini berish kerak, degan fikrdaman. Hech boʻlmaganda tinchlikning umumiy parametrlarini aniqlash uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni boshlash zarur, deb hisoblayman”, — deydi Erdogʻan.
Oldinroq, Yadro qurollarini bekor qilish boʻyicha xalqaro kampaniyaning (ICAN) siyosat va tadqiqot koordinatori Alisiya Sanders-Zakre Ukrainadagi mojaro qasddan yoki beixtiyor yadroviy urushga aylanib ketishi mumkinligini aytgandi.