Rossiya razvedka xizmatlari Ukraina hukumati qonuniyligiga putur yetkazish va jamiyatda nizo keltirib chiqarish maqsadida Ukrainada “Maydan-3” operatsiyasini o‘tkazish niyatida. Bu haqda Ukraina Prezidenti huzuridagi Razvedka qo‘mitasiga tayanib, Mudofaa vazirligi huzuridagi Bosh razvedka boshqarmasi xabar berdi.
“Rossiya keng ko‘lamli bosqinchilik urushini boshlaganidan ikki yil o‘tib, Ukraina o‘zining davlat, millat, erkin va teng huquqli jamiyat sifatida mavjudligi uchun ob’ektiv tahdidga duch keldi”, deyiladi boshqarma bayonotida.
Qayd etilishicha, Rossiyaning asosiy maqsadi Ukraina safarbarligini buzish, Ukrainaning g‘alaba qozona olmasligi haqida dezinformatsiya tarqatish, dunyodagi sheriklar va ittifoqchilar o‘rtasida Ukrainadan charchash haqida soxta xabarlar yaratish va tarqatishdir.
“Rossiyaliklarning global xalqaro maqsadi dunyoda ukrainaparast koalitsiya tomonidan mamlakatimizga yordamni kamaytirishdir. Ukraina ichidagi rossiyaliklarning maqsadi – ukrainaliklarni ruhiy tushkunlikka tushirish, aholi o‘rtasida vahima chiqarish va hammani, shu jumladan, mamlakat siyosiy rahbariyati va fuqarolik jamiyati vakillarini bir-biriga qarshi qayrashdir», deyiladi xabarda.
Qo‘mita Rossiya razvedka xizmatlari gibrid urushlar o‘tkazishda katta tajribaga ega ekanini va bunga oddiy urushdan ko‘ra kamroq mablag‘ sarflashini ta’kidladi.
“Ukraina Prezidenti huzuridagi Razvedka qo‘mitasi xabar qilganidek, o‘tgan yilning noyabr oyida “Maydan-3” maxsus operatsiyasi doirasida Rossiya birgina Telegram platformasida Ukrainaga qarshi kayfiyatni tarqatish uchun deyarli 250 million dollar sarflagan. Operatsiya uchun umumiy byudjet astronomik 1,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Rossiya maxsus xizmatlarining tarixdagi eng qimmat «harakati»dir”, deyiladi hisobotda.
Shu bilan birga, Ukraina maxsus xizmatlari “Maydan-3” maxsus operatsiyasi 2024 yilning mart-may oylarida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishini prognoz qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya maxsus xizmatlari Ukrainada 20 maydan keyin qabul qilingan hukumat qarorlarining qonuniyligini shubha ostiga qo‘yishni, vahima va umidsizlikni tarqatishni, tinch aholi va harbiy xizmatchilarni sun’iy ravishda qarama-qarshi qo‘yishni, Ukraina va uning ittifoqchilari o‘rtasidagi janjalni va turli “fitna nazariyalarini” tarqatishni rejalashtirmoqda.
“Shuningdek, rossiyaliklar Ukrainada va butun dunyoda «o‘z ta’sir agentlari» orqali turli norozilik aksiyalarini uyushtirishga tayanadi va harbiy asirlarni almashish jarayonini ataylab obro‘sizlantiradi”, deb ishonadi Kiyevdagi razvedkachilar.
Rossiya Federatsiyasining rejalariga ko‘ra, iyun oyining birinchi yarmida Ukrainadagi vaziyat silkinadi va shundan foydalanib, mamlakat sharqda harbiy mag‘lubiyatga uchraydi. Ukraina maxsus xizmatlariga ko‘ra, operatsiyaning asosiy maqsadi ham shu.
Kiyevning Moskva Ukrainadagi vaziyatni «parchalash»ga urinayotgani haqidagi bayonotlariga izoh berar ekan, Kreml voizi Dmitriy Peskov Kiyevdan muntazam ravishda turli ayblovlar va bayonotlar kelib turishini, shuning uchun Moskva hamma narsaga javob bera olmasligini aytgan.
“Biz hozir Ukrainada ham saylovlar, ham mamlakat rahbariyatining keyingi qonuniyligi bo‘yicha ko‘plab qarashlar mavjudligini kuzatmoqdamiz. Shuning uchun u yerda hech qanday yordam kerak emas, u yerda tebranish jarayonlari o‘z-o‘zidan pishib bormoqda», deydi Prezident Putinning matbuot kotibi.
Ma’lumot uchun, «Maydan» so‘zi ochiq maydon yoki park degan ma’noni anglatadi. Kiyevning markaziy maydoni, “Maydan Nezalejnosti” yoki oddiygina Maydan butun dunyoga mashhur bo‘lib, shu yerda Ukraina uchun eng muhim voqealar turli vaqtlarda sodir bo‘lgan. Maydan, rasmiy nuqtai nazardan, Kiyev markazida joylashgan Mustaqillik maydoni hududining bir qismidir. Aynan u yerda 2004 va 2013-2014 yillarda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan.
2004 yilda Viktor Yanukovich va Viktor Yushenko prezidentlik uchun kurashgan. Yanukovich saylovlarda g‘alaba qozondi, ammo uni ovozlarni soxtalashtirishda ayblashdi. Mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Mitinglardan so‘ng ovoz berishning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, Yushenko g‘alaba qozondi. U 2010 yilgacha Prezident sifatida ishladi. Keyin uning o‘rnini Yanukovich egalladi.
2013 yilda Ukraina rahbari Rossiya va MDH davlatlari bilan munosabatlarni mustahkamlashga qaror qildi va shu bois Yevropa Ittifoqi bilan erkin savdo sohasida hamkorlikka tayyorgarlikni to‘xtatdi. Bu Ukrainada yana ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. 2014 yilda qurolli to‘qnashuvlarda 104 namoyishchi va 17 xavfsizlik kuchlari halok bo‘ldi. Keyin Yanukovich Kiyevdan qochib ketdi. Uning o‘rnini Pyotr Poroshenko egalladi.