Prezident Shavkat Mirziyoyev tarmoq va hudud rahbarlari belgilangan vazifalarning to‘liq va sifatli ijrosi uchun mas’uliyatini kuchaytirishi lozimligi, sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rilishini ta’kidladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident huzurida o‘tkazilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda erishilgan natijalar bilan bir qatorda mavjud imkoniyatlar barcha hududlarda ham to‘liq ishga solinmagani tanqid qilingan. Bu borada 2024 yil uchun dastlabki rejalar yetarli emasligi qayd etildi. Mutasaddilar o‘tgan yildan saboq chiqarib, bu yo‘nalishda ikki karra ko‘p ishlashi va aniq natija ko‘rsatishi kerakligi aytilgan.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga bo‘lgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortig‘i bilan qoplashga yetarli ekani ta’kidlandi.
«Ayni paytda “Yashil energiya” manbalarini barpo qilish bo‘yicha O‘zbekistonda katta dasturlar boshlandi. Bugungi kunga qadar sohaga 2,1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda 2024 yilda elektr ishlab chiqarishda “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi kutilmoqda», deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, prezident joriy yildan boshlab yirik “yashil energiya” quvvatlarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dasturni amalga oshirishga o‘tilishini ta’kidlagan. Sababi, energetika tizimining barqarorligini ta’minlash uchun yangi quvvatlarga mos tarmoqlarni qurish, elektr saqlash qurilmalarini o‘rnatish, zarur materiallarni ishlab chiqarishni reja qilib, hozirdan boshlash kerak.
Shuning uchun aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiyani qurish, jami 2,2 gigavatt bo‘lgan 18 ta elektr saqlash quvvatlarini o‘rnatish mo‘ljallanmoqda.