Amerika Qoʻshma Shtatlari Isroildan Gʻazo sektoriga gumanitar yordam olib ketayotgan fuqaro politsiyasiga halokatli zarba berishni toʻxtatishni talab qilmoqda. Chunki bu bosqinchilarning gumanitar karvonlarga qurolli hujumlari kuchayishiga sabab boʻlmoqda. Bu haqda “Axios” amerikalik va isroillik uch rasmiyga tayanib xabar bermoqda.
“AQSH prezidenti Jo Bayden maʼmuriyati Isroildan “qonun va tartibning butunlay buzilishi” anklavdagi gumanitar inqirozni sezilarli darajada yomonlashtirayotganidan ogohlantirib, HAMAS tomonidan boshqariladigan fuqaro politsiyasiga yordam yuk mashinalarini Gʻazo sektoriga kuzatib qoʻyishga qaratilgan hujumlarni toʻxtatishni soʻradi”, deydi portal xabarida.
Manbalarga koʻra, soʻnggi haftalarda birgina janubiy chegaradagi Rafah shahrida Isroil havo hujumlarida yuk tashish xavfsizligini taʼminlagan 11 politsiyachi halok boʻlgan. Shu yilning fevral oyi boshida ularning koʻplari oʻz lavozimlarini tark etgan. Bu qurolli toʻdalar va umidsiz mahalliy aholi uchun yordam yuk mashinalarini oʻgʻirlash uchun imkoniyatlar yaratadi.
Rasmiylar Gʻazo ilgari dunyodagi eng qonunsiz va xavfli shahar hisoblangan Somali poytaxti Mogadishuga aylanayotganidan tobora xavotirdaligini bildirgan.
Gʻazo sektoridagi vaziyat 2023-yilning 7-oktyabr kuni keskinlashdi. Bunga Falastinning HAMAS harakatining harbiy qanoti tomonidan eʼlon qilingan “Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasi doirasida Isroil hududiga yuzlab raketalar uchirilgani sabab boʻldi. Shundan soʻng tashkilot jangchilari Isroil janubidagi chegara hududlariga kirib, u yerda ham harbiy, ham tinch aholiga qarata oʻt ochgan, shuningdek, 200 dan ortiq odamni garovga olgan.
Isroil rasmiylarining soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, ushbu hujum oqibatida taxminan 1,2 ming kishi halok boʻlgan, bu raqam tinch aholi, askarlar, chet el fuqarolarini oʻz ichiga oladi. Shuningdek, 5 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Bunga javoban Isroil mudofaa kuchlari Gʻazo sektorida HAMASga qarshi “Temir qilichlar” operatsiyasini boshladi. Bir necha kun ichida isroillik harbiylar Gʻazo bilan chegara yaqinidagi barcha aholi punktlarini nazorat ostiga oldi va chiziqdagi nishonlarga, jumladan, tinch aholiga havo hujumlarini boshladi. Oʻtgan yilning oktyabr oyining oxirida Isroilning anklavdagi operatsiyasining quruqlik bosqichi boshlandi.
Maʼlumotlariga koʻra, 2023-yilning 7-oktyabridan beri Isroilning hujumlari oqibatida Gʻazoda 29 ming kishidan ortiq odam halok boʻlgan, 70 mingdan koʻp odam jarohatlangan.