“Katta yettilik” mamlakatlari (Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, Fransiya, Yaponiya va AQSH) Ukrainadagi mojaroda Rossiyani qoʻllab-quvvatlayotgan uchinchi davlat subyektlariga qarshi choralar koʻrishda davom etadi. Bu haqda tashkilotning onlayn sammiti yakunlari boʻyicha berilgan bayonotda qayd etildi.
“Biz Rossiya urushini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlovchi uchinchi davlat subyektlariga qarshi choralar koʻrishda davom etamiz, shu jumladan zarur hollarda uchinchi mamlakatlardagi tashkilotlarga nisbatan qoʻshimcha choralar koʻrish orqali”, deyiladi Italiya raisligida oʻtgan “Katta yettilik” onlayn sammiti kommyunikesida.
“Katta yettilik”, shuningdek, moliyaviy institutlarni Rossiya harbiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlashdan tiyilishga chaqirib, buning oldini olish uchun choralar koʻrish niyatini eʼlon qildi.
“Biz Shimoliy Koreyaning BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri buzuvchi Shimoliy Koreya ballistik raketalarini eksport qilish va Rossiya tomonidan sotib olinishini keskin qoralaymiz va ularni bunday faoliyatni zudlik bilan toʻxtatishga chaqiramiz.
Biz Eronni Rossiya armiyasi va uning harbiy kuchlariga yordam berishni toʻxtatishga chaqiramiz. Biz Xitoy korxonalaridan Rossiyaga qurol va harbiy texnika uchun ikki maqsadli materiallar va butlovchi qismlar yetkazib berilayotganidan xavotir bildiramiz”, deydi “Katta yettilik” yetakchilari.
KXDR Gʻarb ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining Rossiyaga qurol-yarogʻ yetkazib bergani haqidagi bayonotlarini bir necha bor rad etgan.
Shimoliy Koreya tashqi ishlar vazirligi vakilining taʼkidlashicha, mamlakat Rossiya bilan hech qachon qurol-yarogʻ boʻyicha shartnoma tuzmagan va bu haqdagi OAVning har qanday xabari “bemaʼni mish”dir.